BAQARA surasi2.31 . (Alloh) Odam (Ato)ga barcha nomlarni o'rgatdi. So'ng ularni farishtalarga (birma-bir) ko'rsatib dedi: "Agar rostgo'y bo'lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!" 2.32 . (Ular) dedilar: "Zoti poking haqqi, bizda O'zing bildirganlaringdan boshqa ilm yo'qdir. Albatta, Sen ilm va hikmat egasidirsan". 2.33 . (Alloh) aytdi: "Ey, Odam, ". mana bu narsalarning nomlarini aytib bergin. Odam nomlarni aytib berganida, (U) dedi: "Aytmadimmi men sizlar bilmagan narsalarni yer-osmonlardagi g`aybni, sizlar pinhon va oshkor qiladigan narsalarni ham bilguvchiman - deb?!" 2.34 . Eslang, (ey, Muhammad,) Biz farishtalarga: "Odamga sajda qilinglar!" - deb buyurishimiz bilan ular sajda qildilar. Faqat Iblis bosh tortib, kibr qildi va kofirlardan bo'ldi. 2.35 . Biz yana aytdik: "Ey, Odam, sen va jufting (Havvo) jannatda yashangiz va xohlagan joylaringizda undan (ne'matlaridan) bemalol tanovul qilingiz. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangiz, (aks holda) zolimlardan bo'lib qolursiz". 2.36 . Bas, shayton ikkisini (vasvasa bilan) undan toydirib, turgan joylaridan (jannatdan) chiqardi. Biz (ularga) aytdik: "Bir-biringizga (kelajak zurriyotingiz bilan o'zaro) dushman bo'lib, (Yerga) tushingiz! Ma'lum vaqtgacha (ajal yetguncha) sizlar uchun Yerda barqarorlik va (undan) foydalanish (bordir). 2.37 . Bas, Odam Rabbisidan (tavba qabul bo`ladigan) kalimalarni o`rgangach (va uni aytgach) (Alloh) uning tavbasini ijobat etdi. Albatta, U tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdir. 2.38 . "U yerdan (jannatdan) hammangiz tushingiz", - dedik. Bas, sizlarga Mendan hidoyat kelganda, unga ergashganlarga xavf yo'qdir va ular hech tashvish chekmaydilar. 2.39 . Kofir bo'lgan va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar- o'shalar do'zax ahlidirlar va . ular unda (do'zaxda) abadiy qolurlar. 2.40 . Ey, Isroil avlodi, sizlarga in'om etgan ne'matimni eslangiz, ahdimga vafo qilingiz, toki Men ham sizlarning ahdingizga vafo qilay va Mendangina qo'rqingiz!
|