BAQARA surasi2.250 . Jolut va uning lashkarlari bilan to'qnashganlarida: "Ey, Rabbimiz! Bizga sabr (-toqat)ni yog'dir, qadamlarimizni sobit qil va kofirlar qavmi ustidan bizga g'alaba ato et!" dedilar. 2.251 . Shunday qilib, Allohning izni bilan ular ustidan g'alaba qozondilar. Dovud Jolutni o'ldirdi va Alloh unga (Dovudga) podshohlik va payg'ambarlik hamda O'zi xohlagan narsalarni o'rgatdi. Agar Alloh odamlarning birini ikkinchisi bilan daf' etib turmas ekan, shubhasiz, Yer fasodga (buzg'unchilik va xarobaga) aylangan bo'lur edi, lekin Alloh (barcha) olamlarga (nisbatan) fazl egasidir. 2.252 . Bular Allohning oyatlaridir. Ularni Sizga (ey, Muhammad), haqqoniy ravishda tilovat qilmoqdamiz. Siz, albatta, payg'ambarlardandirsiz. 2.253 . O'sha payg'ambarlarning ayrimlaridan ayrimlarini afzal etdik. Ular ichida Alloh (bevosita) gaplashganlari va darajasini (Alloh) ko'targanlari bor. Iso ibn Maryamga mo''jizalar berdik va uni Ruhul-qudus (Jabroil) bilan quvvatladik. Agar Alloh xohlaganda edi, (odamlar) payg'ambarlardan keyin, hujjatlar kelganidan so'ng urishishmagan bo'lur edilar. Ammo, ular ixtilof qildilar; ular orasida mo’minlari ham, kofirlari ham bor. Agar Alloh xohlaganda, urishmagan bo'lur edilar. Lekin, Alloh O'zi xohlagan ishini qilur. 2.254 . Ey, mo’minlar, na savdo-sotiq, na oshna-og'aynichilik va na shafoat bo'lmaydigan kun (qiyomat) kelishidan oldin (shu dunyoda) sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan ehson qilinglar! Kofirlar esa, ular zolimlardir. 2.255 . Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. (U hamisha) tirik va abadiy turuvchidir. Uni na mudroq tutar va na uyqu. Osmonlar va Yerdagi (barcha) narsalar Unikidir. Uning huzurida hech kim (hech kimni) Uning ruxsatisiz shafoat qilmas. (U) ular (odamlar)dan oldingi (bo'lgan) va keyingi (bo'ladigan) narsani bilur. (Odamlar) Uning ilmidan faqat (U) istaganicha o'zlashtirurlar. Uning Kursiysi osmonlar va Yerdan (ham) kenglik qilur. U ikkisining hifzi (tutib turishi) Uni toliqtirmas. U oliy va buyukdir. 2.256 . Dinda zo'rlash yo'q, zero, to'g'ri yo'l yanglish yo'ldan ajrim bo'ldi. Bas, kim shayton (yoxud butlar)ni inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u mustahkam halqani ushlabdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir. 2.257 . Alloh imon keltirganlarning do'stidir. Ularni zulmatdan nur sari chiqaradi. Kofirlarning do'stlari esa shaytonlar (butlar)dir. Ularni (kofirlarni) nurdan zulmat sari chiqaradilar. Ana o'shalar do'zax ahlidirlar va ular unda mangu qoluvchilardir. 2.258 . Alloh saltanat berganidan (g'ururlanib,) Ibrohim bilan uning Rabbi xususida bahslashgan kimsani (Namrudni) ko'rmadingizmi?! Qaysiki, Ibrohim: "Mening Rabbim tiriltiradi ham, o'ldiradi ham", - deganida, u: "Men (ham) tiriltiraman va o'ldiraman", - dedi. Ibrohim aytdi: "Alloh quyoshni Mashriqdan chiqaradi, sen uni Mag'ribdan chiqarginchi?" Shunda (o'sha) kofir (gap topolmay) lol bo'lib qoldi. Alloh zolim kishilarni hidoyat sari yo'llamaydi. 2.259 . Yoki boshqa bir kishi (Uzayr) kabiki, (u) tomlari yiqilib, vayronaga aylangan qishloqdan (Baytul-Maqdisdan) o'tib borarkan: "Alloh bu xarobaga aylangan qishloq (ahli)ni qanday tiriltirar ekan-a?" - dedi. Shunda Alloh uni (Uzayrni) yuz yil (muddatga) o'ldirdi. So'ngra uni tiriltirib dedi: "Qancha muddat (o'lik holda) turding?" "Bir kun yoki yarim kun", - dedi u. Alloh: "Yo'q, yuz yil turding. Taoming va ichimligingga qara, buzilmagan. Endi, eshagingni (chirib ketganini) ko'r! (Bu mo''jizalarni) odamlarga seni ibrat qilishimiz uchun (keltirdik). Bu suyaklarni qanday tiklab, so'ng ularni go'sht bilan qoplashimizni ko'rgin". Qachonki, unga (bu ishlar) aniqlangach: "Men (endi) bilamanki, Alloh hamma narsaga qodir ekan",- dedi.
|