BAQARA surasi2.111 . Ular: "Jannatga faqat yahudiy yoki nasroniy bo'lganlar kiradi", - dedilar. Bu ularning orzulari. Ayting (ularga): "Agar rostgo'y bo'lsangiz, dalilingizni keltiring!" 2.112 . Yo'q, kimki o`zini Allohga bo'ysundirsa, Rabbi huzurida unga ajr muhayyodir. Ularga xavf ham yo'q va ular tashvish ham chekmaydilar. 2.113 . Yahudiylar: "Nasroniylarda haqdan nech narsa yo`q" - desalar, nasroniylar: "Yahudiylarda haqiqatdan asar yo'q" - deydilar, vaholanki, ular (har ikki toifa) kitob ahli bo`lib, samoviy kitobdan bahramanddirlar. Shuningdek, (o'qishni) bilmaydiganlar (boshqa soxta dinlarga mansub kimsalar) ham ularning gapiga o'xshash gapni aytdilar. Ularning (bu kabi) kelisha olmagan narsalari yuzasidan qiyomat kuni Alloh hukm qilur. 2.114 . Allohning masjidlarida Uning nomi zikr etilishiga qarshilik qiladigan va ularni xarob qilishga urinuvchilardan zolimroq kim bor?! Axir, bu (kabi) kimsalar uchun u yerlar (Ka'ba yoki Baytul-Maqdis)ga faqat qo'rqqan hollaridagina kirishlari mumkin edi. Ular uchun bu dunyoda rasvolik, oxiratda esa, buyuk azob (bordir). 2.115 . Mashriq ham, Mag'rib ham Allohnikidir. Bas, qaysi tarafga yuzingizni qaratsangiz, o'sha tomonda Allohning "yuzi" mavjuddir. Albatta, Alloh (fazli) keng, dono zotdir. 2.116 . "Allohning farzandi bor", - dedilar. U (Alloh) esa (ularning iddaosidan) pok zotdir. Balki, osmonlar va Yerdagi narsalar Uning mulkidir. Hamma(si) Unga bo'ysunuvchidir. 2.117 . (U) Yeru osmonlarning Yaratuvchisidir. Biror ishni qiladigan bo'lsa, (faqatgina unga) "Bo'l!" desa, bas, u bo'ladi. 2.118 . Bilmaydigan (nodon) kimsalar: "Alloh bizga (bevosita) gapirsa edi yoki biror alomat kelsa edi", - deydilar. Ulardan oldingilari ham ularning gaplariga o'xshash gaplarni aytgan edilar: dillarida o'xshashlik bor. Biz chinakam ishonadigan kishilar uchun oyatlarni bayon qildik. 2.119 . Albatta, Biz Sizni haq bilan (Qur'on, tavhid, Islom bilan) xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik. Do'zax ahli uchun Siz javobgar bo'lmaysiz. 2.120 . Yahudiy va nasroniylar, to ularning dinlariga kirmaguningizcha, Sizdan sira rozi bo'lmaydilar. Ayting: "Allohning yo'li to'g'ri yo'ldir". Qasamki, agar Sizga kelgan (to'g'ri) ma'lumotlardan keyin ham ularning xohishlariga ergashsangiz, Alloh tarafidan Sizga biror do'st ham, yordam beruvchi ham yo'qdir.
|