BAQARA surasi2.121 .Biz kitob (Tavrot, Injil yoki Qur'on) bergan kishilar (mo'minlar) uni to'g'ri (buzmay) tilovat qiladilar. Ular unga (Muhammadga va Kitobga) imon keltiradilar. Kim uni inkor etsa, ana o'shalar ziyon ko'ruvchilardir. 2.122 . Ey, Isroil avlodi, sizlarga in'om etgan ne'matimni va sizlarni (butun) olamlar uzra afzal qilganimni eslangiz! 2.123 . Birov biror narsada o'zganing o'rniga o'ta olmaydigan, (gunohkor uchun) badal ham olinmaydigan, unga shafoat ham foyda bermaydigan hamda ularga yordam ham berilmaydigan kun (qiyomat)dan qo'rqingiz! 2.124 . Eslang: Ibrohimni bir necha so'zlar bilan Rabbi imtihon qilganida, ularni mukammal ado etdi. Shunda (Alloh): "Albatta, Men seni odamlarga imom (peshvo) qilaman", - dedi. (Ibrohim) "Zurriyotimdan hammi?" - deb so'radi. (Alloh) aytdi: "Mening ahdim zolimlarga tegishli emas". (oyat mazmunidan shunday natija kelib chiqadiki, imomlik mansabi yuqori lavozimlardan hisoblanib, hz. Ibrohim og`ir imtihonlardan keyin unga noil bo`lganlar, shuningdek imom Alloh tarafidan tayinlanadi,- degan xulosaga kelish mumkin) 2.125 . Eslang: Bayt (Ka'ba)ni odamlar uchun ziyoratgoh va xavfsiz joy qilib qo'ydik. "Ibrohim maqomi"ni namozgoh qilib olinglar! Ibrohim bilan Ismoilga: "Tavof, e'tikof va ruku'-sujud qiluvchilar uchun Baytimni poklangiz!" - deb buyurdik. 2.126 . Eslang: Ibrohim: "Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin", - deganda, Alloh: "Kofirlarni esa bir oz rizqlantirib, so'ng do'zax azobiga mubtalo eturman. Bu o'ta yomon oqibatdir", - dedi. 2.127 . Eslang: Ibrohim (farzandi) Ismoil bilan birgalikda Uy (Baytulloh)ning poydevorini ko'tarar ekanlar, (shunday duo qildilar): "Ey, Rabbimiz, bizdan (ushbu ishimizni) qabul et. Albatta, Sen eshituvchi va dono zotdirsan! 2.128 . Ey, Rabbimiz, bizni o'zingga bo'yin sunuvchi qilgin va zurriyotimizdan ham Senga itoat qiladigan ummat (chiqargin)! Shuningdek, bizga (hajga doir) ibodatlarimizni ko'rsatib ber va tavbalarimizni qabul et! Albatta, Sen tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdirsan. 2.129 . Ey, Rabbimiz, ularga (kelajak ummatlarga) o'zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur'on va Hadis)ni o'rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg'mbarni yuborgin! Albatta, Sen qudrat va hikmat egasidirsan". 2.130 . Ibrohimning dinidan faqat o'zini qadrlamaydigan , nodonlargina yuz o'giradilar. Dunyoda Biz uni (payg'mbarlik va imomatlikka) tanlab oldik va u oxiratda (ham), albatta, loyiq(banda)lardan bo'lur.
|