BAQARA surasi2.91 . Ularga: "Alloh nozil qilgan narsaga imon keltiringlar", - deyilsa, "Biz o'zimizga nozil qilingan narsaga imon keltiramiz", - deydilar va keyin kelgan, ulardagi narsa (Tavrot)ni tasdiq etadigan Haq (Qur'on)ni inkor etadilar. Ularga ayting (ey, Muhammad): "Agar mo'min bo'lsangizlar, nega oldindan Allohning payg'mbarlarini o'ldirar edingiz?" 2.92 . Muso sizlarga hujjatlar (oyatlar va mo''jizalar)ni keltirganidan keyin (ham) zolim bo'lib (kufrga botib) buzoqqa sig'indingiz. 2.93 . Eslang (ey, Isroil avlodi,) Biz (o'shanda) ahdu paymoningizni olgach, tepangizda Tur (tog'i)ni ko'tarib (turib): "Keltirgan narsamiz (Tavrot oyatlari)ni mahkam tuting va eshiting", - deganimizda, "eshitdik va (lekin) bo'ysunmadik", - dedilar. Kufrlari tufayli dillari buzoqqa (sig'inish havasi bilan) sug'orilgan edi. Ayting: "Agar mo'min bo'lsangizlar, imoningiz sizlarni buncha ham yomon narsaga buyuradi?!" 2.94 . Ayting (ey, Muhammad): "Agar Alloh huzurida oxirat diyori (jannat) odamlarga emas, faqat sizlarga xos bo'lsa va (bu da'volaringizda) rostgo'y bo'lsangizlar, (tezroq) o'lishni orzu qilinglar!" 2.95 .O'z qo'llari taqdim etgan narsa (gunoh) sababli ular uni (o'limni) sira orzu qila olmaydilar. Alloh zolimlarni (yaxshi) biluvchidir. 2.96 . Ularni odamlardan va mushriklardan ham hayotga (yashashga) hirs qo'yganroq holda topasiz. Ba'zilari ming yil umr ko'rishni xohlaydi. Vaholanki, umrining uzunligi uni azobdan uzoqlashtiruvchi emas. Alloh (esa) ularning qilmishlarini ko'rib turuvchidir. 2.97 . Ayting (ey, Muhammad): "Kim Jabroilga dushman bo'lsa, axir, u uni (Qur'onni) qalbingizga Allohning izni bilan o'zidan avvalgi (ilohiy kitoblar)ni tasdiq etadigan, mo'minlarga hidoyat va xushxabar holida nozil qildi-ku! 2.98 .Kim Allohga, Uning farishtalariga, payg'mbarlariga, Jabroil va Mekoilga dushman bo'lsa, (bilib qo'ysinki,) Alloh ham (unday) kofirlarga dushmandir". \.99 .Haqiqatan, Biz Sizga aniq oyatlarni nozil qildik. Ularni faqat fosiqlargina inkor eturlar. 2.100 . Har gal biror ahd-paymon qilsalar, ulardan bir guruhi uni buzaveradimi? Aslida ularning aksariyati imon keltirmaslar.
|