BAQARA surasi2.220 . dunyo va oxirat haqida. Sizdan, shuningdek, yetimlar (haqlari) to'g'risida so'raydilar. Ayting: "Ularni isloh qilish yaxshidir. Agar (mollaringizga) ularning mollarini qo'shib yuborsalaringiz (zarari yo'q), zero, ular (bamisoli) o'z birodarlaringizdir. Alloh buzg'unchi bilan isloh etuvchini (farqini) biladi. Agar Alloh xohlasa, sizlarni qiyinchilikka solib qo'ygan bo'lar edi. Albatta, Alloh qudrat va hikmat egasidir. 2.221 . Mushrika ayollarni, to imon keltirmagunlaricha, nikohingizga olmangiz. Zero, hur mushrika ayoldan ko'ra imonli cho'ri yaxshiroqdir, garchi u (mushrika) sizlarga yoqimli tuyulsa ham. Mushrik erkaklarga ham, to imon keltirmagunlaricha, (mo’mina qizlarni) nikohlab bermangiz. Zero, hur mushrikdan imonli qul yaxshiroqdir, garchi u (mushrik) sizlarga yoqimli tuyulsa ham. Ular (mushriklar) do'zaxga chorlaydilar. Alloh (esa) o'z izni bilan jannatga va mag'firatga chorlaydi va eslatma olishlari uchun odamlarga o'z oyatlarini bayon etadi. 2.222 . Sizdan hayz to'g'risida so'raydilar. Ayting: "U (er-xotin uchun) aziyatdir. Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha, ularga yaqinlashmangizlar! Poklanganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan ravishda kelaveringizlar (qovushaveringizlar). Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi". 2.223 . Xotinlaringiz ziroatgohingizdir. Bas, ziroatgohingizga xohlagan jihatingizdan kelaveringiz va o'zingiz uchun (savobli ishlarni) taqdim etingiz. Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, siz U bilan muloqot qiluvchidirsiz. Mo’minlarga (oxirat mukofotlari haqida) xushxabar bering (ey, Muhammad)! 2.224 . Ezgu ish qilishingiz, taqvoda bo'lishingiz va odamlar o'rtasini isloh etishingiz borasidagi qasamlaringiz uchun Alloh (nomi)ni ko'ndalang qilavermangiz! Alloh eshituvchi va biluvchidir. 2.225 . Alloh sizlarni (faqat tilingiz uchida aytgan) behuda qasamlaringiz uchun javobgar qilmaydi. Balki, dillaringiz kasb etgan narsa (qasamlaringiz) uchun javobgar qilur. Alloh kechirimli va halimdir. 2.226 . Xotinlaridan qasam bilan voz kechganlar uchun to'rt oy muhlat bor. Agar (shu muddat ichida) qaytsalar (joizdir), zero, Alloh, albatta, kechirimli va rahmlidir. 2.227 . Bordiyu taloq qilishga azmu qaror qilgan bo'lsalar, (buni ham) Alloh eshituvchi va biluvchidir. 2.228 . Taloq qilingan ayollar o'zlariga qarab, uch hayz muddati (o'tishini) kutib o'tiradilar. Agar ular Allohga va oxirat kuniga ishonsalar, bachadonlarida Alloh yaratgan narsa (homila yoki hayz)ni yashirishlari halol emas. Agar erlari islohni (oilani tiklashni) xohlasalar, shu muddat ichida ularni qaytarib olishga haqlidirlar. Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o'z me'yorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir. Ayollarga nisbatan erkaklarda bir daraja (ziyodalik) bor. Alloh qudrat va hikmat egasidir. 2.229 . Taloq ikki martadir. So'ngra (oilani) yaxshilik bilan saqlash yoki chiroyli suratda ajralish (mumkin). Ularga (xotinlaringizga) bergan narsalardan (mahrlaridan) biror narsani qaytarib olishlaringiz sizlarga halol emas, magar (er-xotin) Allohning (oila to'g'risidagi) buyruqlarini bajara olmaslikdan qo'rqsalar (bu undan mustasno). Agar ularning Alloh buyruqlarini bajara olmasligidan qo'rqsalaringiz (eridan taloq olish niyatida) evaz berishida (va erning shu evazni olishida) er-xotin uchun gunoh yo'q. Bu Allohning (belgilab qo'ygan) hadlaridir. Ulardan tajovuz qilmangizlar! Kim Allohning hadlaridan tajovuz qilsa, ana o'shalar zolimlardir.
|