BAQARA surasi2.240 . Sizlardan vafot etib xotinlarni qoldirganlar xotinlariga bir yilgacha (erining uyidan) chiqarilmay ta'minlanadigan miqdordagi narsani vasiyat qilsinlar. Agar ular (xotinlar) o'zlari (ixtiyoriy ravishda) chiqib ketib, o'zlariga tegishli (ziynat, pardoz va sovchilarga ko'rinish kabi) yaxshi ishlarni qilishsa, sizlarga gunoh yo'qdir. Alloh qudrat va hikmat egasidir. 2.241 . Taloq qilingan ayollarni me'yorida ta'minlash taqvodor (er)larning zimmalariga vojibdir. 2.242 . Shu tariqa Alloh sizlarga o'z oyatlarini bayon etadi, shoyad aqlni ishlatsangizlar. 2.243 . Ko'rmadingizmi (ey, Muhammad), o'lishdan qo'rqib, o'z yurtlaridan chiqib ketgan minglab kishilarga Alloh: "O'linglar!" - dedi. So'ng (yana) ularni tiriltirdi. Albatta, Alloh odamlarga fazlu karamlidir. Lekin, ko'p odamlar (bunga) shukr qilmaydilar. 2.244 . Alloh yo'lida jang qilingiz va bilingizki, albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir. 2.245 . Allohga chiroyli qarz beradigan (Uning yo'lida o'z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko'p qilib qaytarsa? Holbuki, (rizqni) tang va keng qiladigan Allohning o'zidir va Unga qaytarilajaksizlar. 2.246 . Musodan keyin Isroil avlodining zodagonlarini ko'rmadingizmi?! Ular o'zlarining payg'ambariga: "Bizga bir podshoh yuborgin, (biz u bilan) birga Alloh yo'lida jang qilaylik",- deyishdi. "Balkim sizlarga urush farz qilinsa, urushmassiz", - dedi (payg'ambar). Ular: "Yurtimizdan va farzandlarimizdan judo qilinib turibmiz-ku, nega Alloh yo'lida urushmas ekanmiz?" - dedilar. Urush farz qilinganda esa, ozgina kishidan tashqarilari bosh tortdilar. Alloh zolimlarni yaxshi biluvchidir. 2.247 . Ularga payg'ambarlari: "Alloh sizlarga Tolutni podshoh etib yubordi", - desa, ular: "Unga ustimizdan qanday ham podshohlik bo'lsin, axir hukmronlikka biz undan haqliroqmiz-ku, (bundan tashqari) unga mol-mulk ham mo'l-ko'l berilmagan", - deyishdi. Payg'ambar aytdi: "Alloh uni sizlarga O'zi tanlab, uni ilmda va jismonan ziyoda etdi. Alloh mulkini O'zi xohlagan kishiga beradi. Alloh (karami) keng va bilimdondir". 2.248 . Payg'ambarlari ularga aytdi: "Uning podshohlik belgisi shuki, sizlarga bir sandiq keladi. Unda Rabbingizdan taskin va Muso hamda Horun oilalaridan qolgan qoldiqlar joylashgan bo'lib, uni (sandiqni) farishtalar ko'tarib turadilar. Agar (chin) mo’min bo'lsangizlar, shubhasiz, bunda sizlar uchun belgi bor". 2.249 . Tolut askarlari bilan (shahardan) chiqqach, aytdi: "Alloh sizlarni daryo bilan sinab ko'ruvchidir. Bas, kim undan ichsa, u mendan (tobelarimdan) emas va kim undan ichmasa, albatta, u mendandir. Magar qo'li bilan bir hovuch olsa (joizdir). Bas, ozchilikdan tashqari hammalari undan ichdilar. U (Tolut) mo’minlar bilan daryodan o'tgach, (askarlar) aytdilar: "Bu kun bizda Jolut va uning lashkariga toqat yo'q". (Shunda) Allohga (qiyomat kuni) yuzma-yuz bo'lishlariga ishonadigan kishilar aytdilar: "Qanchadan-qancha kam sonli guruhlar Allohning izni bilan ko'p sonli guruhlar ustidan g'alaba qozongan. Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir".
|