BAQARA surasi2.21 . Ey, insonlar, sizlarni va sizlardan oldingilarni taqvoli bo'lishlaringiz uchun yaratgan Rabbingizga ibodat qilingiz! 2.22 . U sizlar uchun Yerni poyandoz, osmonni "bino" qilib qo'ydi va osmondan suv tushirib, u sababli sizlarga rizq sifatida mevalar undirdi. Bas, bilib turib Allohga (ibodatda) boshqa (soxta ma'buda)larni tenglashtirmangiz! 2.23 . Agar bandamiz (Muhammad)ga tushirgan narsamiz (Qur'on)dan shubhada bo'lsangiz, bas, siz ham unga o'xshash (birgina) sura (yozib) keltiring va Allohdan o'zga guvohlaringizni chaqiring - agar rostgo'y bo'lsangiz. 2.24 . Bordiyu (bu ishni) qilmasangiz - zinhor qila olmaysiz ham - u holda yonilg'isi odamlar va toshlardan iborat, kofirlar uchun tayyorlab qo'yilgan do'zaxdan saqlaningiz! 2.25 . Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga xushxabar beringki, ular uchun ostilaridan anhorlar (suvi) oqib turuvchi bog'lar (jannatlar) bor. Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: "Bu ilgari bizga rizq qilib berilgan mevalarning xuddi o'ziku", - deydilar. Zero, ularga (surati) bir-biriga o'xshash mevalar beriladi. Yana ular uchun u yerda pokiza juftlar bordir va ular u yerda abadiy qoluvchilardir. 2.26 . Alloh chivin yoki undan kattaroq narsalarni misol qilib keltirishdan uyalmaydi. Imonli kishilar u (masal)ni haqiqatan ularning Rabbilari tomonidan (yuborilgan) haqiqat deb biladilar. Kofirlar esa: "Bu masal bilan Alloh nima demoqchi, o'zi?" - deydilar. U (masal) bilan Alloh ko'plarni adashtiradi va u bilan ko'plarni (to'g'ri yo'lga) hidoyat qiladi. Lekin, (Alloh) u bilan faqat fosiq kimsalarni adashtiradi, 2.27 . qaysiki, (ular) Alloh ahdini uning bitimidan keyin buzadigan, Alloh bog'lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va yer (yuzi)da buzg'unchilik qiladigan kimsalardir. Ular, albatta, ziyon ko'ruvchilardir. 2.28 . O'lik ekaningizda sizni tiriltirgan, so'ng sizga (yana) o'lim beradigan, keyin sizni tiriltirgach, sizni o`z huzuruga qaytarguvchi zot- Allohni qanday inkor etasiz?! 2.29 . U shunday zotki, sizlar uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi. So'ngra samo sari "turdi-da," uni yetti osmondan iborat qilib qo'ydi. U barcha narsani biluvchi (dono)dir. 2.30 .( Eslang, ey, Muhammad,) Rabbingiz farishtalarga: "Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman", - deganida, (ular) aytdilar: "Unda (Yerda) buzg'unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to'kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamdu- tasbehlar aytamiz va Seni muqaddaslaymiz. (Alloh) aytdi: "Men sizlar bilmagan narsani bilaman".
|