BAQARA surasi2.180 . Qaysi biringizga o'lim hozir bo'lsa (yaqinlashsa) va (o'zidan keyin) biror yaxshilik (boylik) qoldirayotgan bo'lsa, ota-ona va qarindoshlariga ma'lum miqdorda vasiyat qilishlik bitildi (farz qilindi). Bu taqvoli kishilar zimmasidagi burchdir. 2.181 . Kimki uni (vasiyatni) eshitganidan keyin o'zgartirsa, gunohi faqat o'zgartirganlarga bo'lur. Albatta, Alloh eshituvchi va dono zotdir. 2.182 . Ammo, kimki vasiyat qiluvchi tomonidan biror xatolik yoki gunoh sodir bo'lishidan qo'rqib, (vasiyatni o'zgartirib bo'lsa ham) oralarini isloh qilib qo'ysa, unga gunoh yo'q. Albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir. 2.183 . Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo'lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro'za tutish farz qilindi, 2.184 . sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo'lsa, sanog'i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo'lganidan ortiq fidya bersa), o'ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro'za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir. 2.185 . Ramazon oyi - odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda hozir bo'lsa, ro'zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo'lsa, (tuta olmagan kunlar) sanog'i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og'irlikni xohlamaydi. Bu - hisobni to'ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishlaringiz va shukr qilishlaringiz uchundir. 2.186 . Sizdan (ey, Muhammad), bandalarim Mening haqqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to'g'ri yo'lga tushib ketsalar. 2.187 . Sizlarga ro'za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsizlar. Sizlarning o'zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbalaringizni qabul qilib, sizlarni avf etdi. Endi, ular bilan (ro'za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringizlar. Shuningdek, tonggacha, ya'ni, oq ipni qora ipdan ajratsa bo'ladigan vaqtgacha yeb-ichaveringlar. So'ng, ro'zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingizlar! Masjidlarda e'tikofda bo'lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo'shilmangizlar! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz. Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o'z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi. 2.188 . Mol(-mulk)laringizni o'rtalaringizda botil (yo'llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo'l bilan yeyish (o'zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola qilmangiz. 2.189 . Sizdan (ey, Muhammad), hilollar (yangi oylar) haqida so'raydilar. "Ular odamlarga (yil hisobi) va haj uchun vaqt o'lchovlaridir", -deb ayting. Uylarga orqa tomondan kirishingiz yaxshilik emas, balki yaxshilik – kishining taqvosi (bilan o'lchanur). Uylarga eshiklaridan kiringiz va Allohdan qo'rqingiz! Shoyad (shunda) tole topsangizlar.
|