BAQARA surasi2.170 . Ularga (mushriklarga): "Alloh nozil etgan (oyatlar)ga ergashinglar!" - deyilsa, ular: "Yo'q, biz ota-bobolarimizni ne uzra topgan bo'lsak, o'shanga ergashamiz", - deydilar. Ota-bobolari garchi hech narsaga aqllari yetmaydigan va to'g'ri yo'ldan yurmaydigan bo'lsalar-chi?! 2.171 . (Haqiqatan ham) kufr yo'lidagi kimsalar (vahiydan ta'sirlanmaslikda) xuddi hayvonlarga qichqirayotgan kishining ovozidan va hayqirig'idan o'zga narsani eshitmayotgani kabidir. (Ular) kar, soqov va ko'rdirlarki, (gapni) anglamaydilar. 2.172 . Ey, imon keltirganlar, Allohgagina ibodat qiluvchi bo'lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar va Unga shukr qilingizlar! 2.173 . U sizlarga o'limtik, qon, cho'chqa go'shti va Allohdan o'zgaga atab so'yilgan narsalarni (qat'iy) harom qildi. Ammo, zulmkor va tajovuzkor bo'lmasdan, zaruratan (tanglik yuzasidan) iste'mol qilsa, uning gunohi yo'qdir. Darhaqiqat, Alloh kechirimli va rahmlidir. 2.174 . Alloh nozil qilgan Kitob (Tavrot)dagi narsani (Muhammad vasfini) sir tutadigan va uni ozgina bahoga sotadiganlar, albatta, o'z qorinlariga olov yegan bo'lurlar. Alloh qiyomat kunida ular bilan so'zlashmaydi va ularni (gunohlaridan) poklamaydi. Ularga alamli azob (berilur). 2.175 . Hidoyat o'rniga zalolatni, mag'firat o'rniga azobni sotib olgan kimsalar ana o'shalardir. Bas, do'zax (azobi)ga buncha ham "toqatli" bo'lmasalar! 2.176 . Bu (jazo) - Alloh Kitob (Tavrot)ni haqiqatan nozil qilgani va bu Kitob xususida ixtilof qiluvchilar (haqiqatdan) juda ham uzoqda bo'lganlari uchundir. 2.177 . Yuzlaringizni Mashriq va Mag'rib tomonlariga burib, (ibodat qilishingizning o'zi to'la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg'ambarlarga imon keltirgan, o'zi yaxshi ko'rgan molidan qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, yo'lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo'lida beradigan, namozni to'kis ado etib, zakotni to'lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og'ir-yengil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshi kishilardir. Aynan o'shalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan o'shalar taqvodordirlar. 2.178 . Ey, imon keltirganlar! Sizlarga o'ldirilgan kishilar uchun qasos olish farz qilindi: ozod kishi muqobiliga ozod kishidan, qul uchun quldan, ayol kishi uchun ayoldan. Birodari tomonidan avf etilsa (xun to'lashga rozi bo'linsa), u holda yaxshilik bilan bo'yin sunish va xunini yaxshilab to'lash (zarurdir). Bu (hukm) Rabbingiz tomonidan yengillik va marhamatdir. Bas, kimki shundan keyin ham haddidan oshsa, unga alamli azob (berilur). 2.179 . Sizlar uchun qasosda hayot bor, ey, aql egalari! (Bu bilan) shoyad (jinoyatlardan) saqlansangizlar.
|