BAQARA surasi2.160 . Illo, qaysilari tavba qilib, xatolarini tuzatib, (haqiqatni) bayon qilsalar, ularning tavbalarini qabul eturman. Men - tavbalarni qabul etuvchi, rahmli zotdirman. 2.161 . Kufrda bo'lib, kofirlik holida o'lib ketganlarga barchaning - Allohning, farishtalar va odamlarning la'natlari bo'lgay. 2.162 . U yerda (do'zaxda) abadiy qolurlar, azoblari yengillashtirilmas va (jazo ham) kechiktirilmas. 2.163 . Ilohingiz yagona ilohdir. Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) mehribon va rahmlidir. 2.164 . Albatta, osmonlar va Yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, odamlar uchun foydali narsalar ortilgan kemalarning dengizda suzishida, Alloh osmondan tushirib, u sababli "o'lik" yerni tiriltirgan suvda, turli jonzotlarni unda (yerda) tarqatib qo'yishida, shamollarni (turli tomonga) yo'naltirishida va osmon bilan Yer orasidagi itoatli bulutda aqlni ishlatadigan kishilar uchun alomatlar (Allohning qudratiga dalillar) bordir. 2.165 . Odamlar orasida shunday kimsalar borki, ular Allohdan o'zga (soxta ma'buda)larni Unga teng bilib, Allohni sevgandek ularni sevadilar. Imon keltirganlarning Allohga bo'lgan muhabbatlari esa (ularnikidan) kuchliroqdir. Zolimlar (qiyomatda) azobni ko'rganlarida butun kuch-qudrat Allohga xos ekanini va Allohning azobi (o'ta) qattiqligini bilsalar edi! 2.166 . (Qiyomat kuni) azobni ko'rib peshvolar o'z ergashuvchilaridan tonadilar va (ularni birlashtirib turuvchi) aloqalar uziladi. 2.167 . Ergashganlar: "Qani edi bir bor (dunyoga) qaytish mumkin bo'lsa-yu, ular bizdan tonganlaridek, biz ham ulardan tonsak",- deydilar. Shunday qilib, Alloh taolo ularning qilmishlarini o'zlariga hasrat qilib ko'rsatadi. Ular do'zaxdan chiquvchi emaslar. 2.168 . Ey, odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan yenglar va shaytonning izlaridan ergashmanglar! Albatta, u sizlarning aniq dushmaningizdir. 2.169 . U sizlarni faqatgina yomonlik va buzuqlikka va Alloh sha'niga bilmagan narsalaringizni gapirishga buyuradi.
|