BAQARA surasi2.270 . Ehson qilgan har bir nafaqangiz (sadaqangiz) yoki atagan nazringizni, albatta, Alloh biladi. (Xayr-ehson qilmay o'ziga) zulm qiluvchilarga esa, yordam beruvchilar yo'qdir. 2.271 . Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu kambag'allarga pinhona bersangiz - o'zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o'tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir. 2.272 . Ularning hidoyati Sizning zimmangizda emas (ey, Muhammad), balki Alloh xohlagan kishilarni hidoyat etur. Neki qilgan xayr-ehsonlaringiz bo'lsa, u o'zlaringiz uchundir. Faqat Allohning "yuzi" uchungina ehson qilgaysiz. Qilgan har bir xayr-ehsoningiz (savobi) sizlarga adolatsizlik qilinmagan holda mukammal qaytarilur. 2.273 . (Sadaqa va ehsonlar) Alloh yo'lida (jang bilan) band bo'lib, safarga chiqa olmaydigan, iffatlari (tortinchoqliklari) sababli bilmagan odam boy deb gumon qiladigan faqirlar uchundir. Ularning (faqir ekanliklarini) siymolaridan (tashqi ko'rinishdagi belgilaridan) bilib olasiz. (Ular) odamlardan tilanib turib olmaydilar. Qilgan xayr-ehsoningizni Alloh bilib turuvchidir. 2.274 . Mol(-dunyo)larini kechayu kunduz, pinhonayu oshkora ehson qiladigan kishilarning Parvardigorlari huzurida (maxsus) mukofotlari bordir. Ularga xavf ham bo'lmas va ular tashvish ham chekmaslar. 2.275 . Sudxo'rlar (qiyomat kuni qabrlaridan) jin chalib ketgan odam kabi (holatda) qo'padilar. Buning sababi - ularning: "Bay' (savdosotiq) ham sudxo'rlikning xuddi o'zi" degan gaplaridir. Holbuki, Alloh bay'ni halol, sudxo'rlikni (esa) harom qilgan. Bas, kim Rabbidan nasihat yetgach, (sudxo'rlikdan) to'xtasa, u holda avvalgi o'tgani o'ziga va uning ishi Allohga (havola). Kim yana (sudxo'rlikka) qaytsa, o'shalar do'zax ahlidirlar va ular unda abadiy qoluvchilardir. 2.276 . Alloh sudxo'rlikni (foydasini) yo'q qiladi va sadaqa (beruvchilarga boylik)larni ziyoda etadi. Alloh har qanday (sudxo'rlikni halol deb biluvchi) kofirni va (uni davom ettiruvchi) gunohkorni yoqtirmaydi. 2.277 . Albatta, imon keltirgan, yaxshi ishlarni qilgan, namozni mukammal ado etib, zakot berganlar uchun Parvardigorlarining huzurida (maxsus) mukofotlari bordir. Ularga xavf ham bo'lmas va ular tashvish ham chekmaslar. 2.278 . Ey, imon keltirganlar, Allohdan qo'rqingiz va (chinakam) mo'min bo'lsangiz, sudxo'rlik sarqitidan voz kechingizlar! 2.279 . Mabodo (bu buyruqqa itoat) qilmasangiz, u holda Alloh va payg'ambari tomonidan (sizlarga qarshi bo'lajak) urushni (azobni) eshitingiz! Agar tavba qilsangiz, dastmoyalaringiz o'zingizga. Zulm ham qilmaysizlar, zulm qilinmaysizlar ham. 2.280 . Agar (qarzdor) qiynalsa, boyiguncha kutish lozim. Agar bilsangiz (bergan qarzingizni) sadaqa qilib yuborishingiz o'zingiz uchun yaxshiroqdir. 2.281 . (Barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan (qiyomatdan) qo'rqingiz! So'ngra har bir jon (egasi)ga qilgan amallariga yarasha narsa (mukofot yoki jazo) berilur va ularga zulm qilinmas. 2.282 . Ey, imon keltirganlar, bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz berishsangiz, uni yozib qo'yinglar! O'rtalaringizda bir kotib adolat bilan yozsin! Hech bir kotib Alloh bildirgandek yozishdan bosh tortmasin, albatta, yozsin! Zimmasida qarzi bo'lgan kishi aytib tursin, Rabbi - Allohdan qo'rqsin va undan biror narsani kamaytirib yozmasin! Agar gardanida qarzi bo'lgan kishi aqlsiz yo ojiz (yosh yoki o'ta keksa) bo'lsa, yoki (kar, soqovligi yo til bilmasligi tufayli aytib) yozdirishga qodir bo'lmasa, uning homiy-vakili adolat bilan aytib tursin! Sizlar rozi bo'ladigan (adolatli) guvohlardan ikki erkak kishini guvoh qilinglar. Agar ikki erkak topilmasa, bir erkak bilan ikki ayoldir - biri (unutib) adashganda, ikkinchisi eslatadi. Guvohlar chaqirilganda, (kelib guvohlik berishdan) bosh tortmasinlar! Xoh katta, xoh kichik qarz bo'lsin, muddatigacha yozib qo'yishdan erinmanglar. Mana shu Alloh nazdida adolatliroq, guvohlik uchun to'g'riroq va shak-shubha qilmaslikka yaqinroq (hukm)dir. Lekin, o'rtalaringizdagi aylanma naqd savdo bo'lsa, uni yozmasligingizda sizlarga gunoh yo'qdir. O'zaro savdo-sotiq qilganda ham guvoh keltiring! Kotib ham, guvoh ham zararlanmasin. Agar shunday qilsangiz (zararlantirsangiz), bu sizning fosiqligingizdir. Allohdan qo'rqingiz! Alloh sizlarga (shunday) ta'lim beradi. Alloh hamma narsani biluvchidir. 2.283 . Agar safarda bo'lib, kotib topa olmasangiz, (qarz evaziga) naqd garov (berilsin!) Agar bir-biringizga omonat qo'ysangiz, omonat qo'yilgan kishi omonatni qaytarsin va Rabbi - Allohdan qo'rqsin! Guvohlikni yashirmangiz! Kim uni yashirsa, bas, uning qalbi osiy (gunohkor)dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni yaxshi bilib turuvchidir. 2.284 . Osmonlaru Yerdagi bor narsa Allohnikidir. Ichingizdagi narsani oshkora qilsangiz yoki yashirsangiz ham, Alloh sizlarni u bilan hisob-kitob qilur. So'ng O'zi xohlagan kishini mag'firat qilib, O'zi xohlagan kishini azoblar. Alloh hamma narsaga qodirdir. 2.285 . Payg'ambar (Muhammad) o'ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo'minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg'ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi. "Eshitdik va itoat etdik. Ey, Rabbimiz, mag'firatingni (so'raymiz). Sengagina qaytish (bor)", - dedilar. 2.286 . Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi. Uning kasb etgani (yaxshiligi) - o'ziga, va orttirgani (yomon amali) ham o'zigadir. (Yana dedilarki:) "Ey, Rabbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, bizni koyima! Ey, Rabbimiz, bizdan ilgari o'tganlarning zimmasiga ortgan mashaqqatni bizning zimmamizga ortma! Ey, Rabbimiz, toqatimiz yetmaydigan narsani bizga yuklab tashlama! Bizlarni afv et va kechir hamda bizlarga rahm qil! Sen bizning xojamizsan. Bas, bizlarga kofirlar qavmi ustidan g'oliblik ato et!"
|