BAQARA surasi2.101 . Alloh tomonidan ulardagi narsani tasdiq etuvchi Payg'mbar (Muhammad) kelishi bilan, kitob (Tavrot) berilganlardan bir guruhi Allohning kitobi (Qur'on)ni xuddi bilmagandek ortlariga uloqtirdilar. 2.102 .(Ular), yana Sulaymon podshohligidagi shaytonlar (jinlar) o'qigan narsalarga ergashib ketdilar. Sulaymon kofir emas edi, lekin odamlarga sehr (jodu)ni hamda Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarni o'rgatadigan shaytonlar kofir edilar. (Ikki farishta): "biz faqatgina sinov (vositasimiz, bizga ishonib) kofir bo'lib qolma", - deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) o'rgatmas edilar. Ikkisidan er-xotinning o'rtasini buzadigan narsani o'rganar edilar. Lekin, ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar. (Xullas,) o'zlariga foydasiz, balki zararli narsalarni ta'lim olar edilar. (Allohning kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yo'qligini ham yaxshi bilar edilar. O'z (nasiba)larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi! 2.103 . Qani endi ular imonga kelib, taqvo yo'lini tutganlarida, Alloh tarafidan beriladigan savob yaxshiroq bo'lishini bilsalar edi! 2.104 . Ey, mo'minlar, "Roino" demay, "Unzurno" deb aytingizlar, hamda (Muhammad so'zini) tinglangizlar. Kofirlarga esa alamli azob bordir. 2.105 . Ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar)ning kofirlari va mushriklar sizlarga Rabbingiz tarafidan biror yaxshilik (vahiy) tushishini aslo yoqtirmaydilar. Alloh esa rahmatiga O'zi xohlagan (kishi)ni xos etadi. Alloh buyuk fazl sohibidir. 2.106 . (Ey, Muhammad,) biror oyatni bekor qilsak yoki yodingizdan chiqartirsak, undan yaxshirog'ini (ummatingizga munosibrog'ini) yoki o'shaning (aynan) o'ziga teng (boshqa oyat)ni keltiraveramiz. Allohning har narsaga qodir ekanini bilmadingizmi?! 2.107 . Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga xos ekani va sizlar uchun Allohdan boshqa biror do'st yoki yordamchi yo'q ekanini bilmas edingizmi?! 2.108 . Yoki (ey, mo'minlar,) ilgari Musodan so'ralganidek, payg'mbaringizdan ham so'rashni xohlaysizmi? Kim imonni kufrga almashtirsa, to'g'ri yo'ldan adashishi muqarrardir. 2.109 . Ahli kitoblarning ko'pchiligi, imon keltirganingizdan keyin va ularga haqiqat ravshan bo'lgandan so'ng ham hasad yuzasidan sizlarni (yana) kufrga qaytarishni istaydilar. Bas, Alloh O'z amrini keltirguncha ularni afv etib, (xatolaridan) o'ting. Albatta, Alloh har narsaga qodirdir. 2.110 . Namozni mukammal ado etingiz va zakot beringiz! O'zingiz uchun nimaiki yaxshilik qilgan bo'lsangiz, uni Alloh huzurida topajaksiz. Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.
|