BAQARA surasi2.1 . Alif, Lom, Mim. 2.2 . Ushbu (ilohiy) Kitob (Qur'on) shubhadan xoli va (u shunday) taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dirkim, 2.3 . ular g'oyib (diniy xabarlar)ga imon keltiradigan, namozni mukammal o'qiydigan va Biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir. 2.4 . Yana, ular Siz (Muhammad)ga va Sizdan ilgari (o'tgan payqambarlarga) nozil qilingan narsa (ilohiy kitoblar)ga imon keltiradigan hamda oxirat (qiyomat)ga qat'iy ishonch hosil qiladiganlardir. 2.5 . Aynan ular Parvardigorlari tomonidan (ato etilgan) hidoyat uzradirlar va aynan ular najot topuvchilardir. 2.6 . Haqiqatan, kufr (imonsizlik)ni tanlaganlar - ularni ogohlantirsangiz ham, ogohlantirmasangiz ham, ularga baribir - imon keltirmaydilar. 2.7 . Ularning dillari va quloqlariga Alloh muhr urib qo'ygan. Ko'zlarida esa parda (bor). Ular uchun ulkan azob (tayyorlab qo'yilgandir). 2.8 . Odamlar orasida shundaylar ham borki, ular "Biz Allohga va oxiratga imon keltirdik", - deydilar. Vaholanki, o'zlari mo'min emaslar. 2.9 . Ular (bu bilan) Allohni va imon keltirganlarni aldamoqchi bo'ladilar. Lekin, o'zlari sezmagan holda o'zlarinigina aldaydilar. 2.10 . Ularning dillarida nuqson (shubha va kibr kasali) bor. Alloh ularga (shu) xastalikni ziyoda qildi. (Mo'minmiz, deb) yolg'on gapirganlari uchun ularga (oxiratda) alamli azob bordir.
|