OLI IMRON surasi3.80 . (O'sha payg'ambar) sizlarga farishtalar va payg'ambarlarni ma'bud qilib olishingizni ham buyurmaydi. Axir, musulmon bo'lganingizdan keyin sizlarga kufrga qaytishingizni buyurarmidi?! 3.81 . Eslang (ey, ahli kitoblar,) Alloh (payg'ambarlardan) ahd olgan: "Men sizlarga Kitob va Hikmat bergan bo'lsam, sizlardagi (Kitob)ni tasdiq etuvchi bir payg'ambar (Muhammad) kelganda, albatta, unga imon keltirasiz va yordam berasiz!" (Alloh): "Tan oldingizmi va mazkur ahdnomani shu shart bilan qabul qilasizmi?" - deganida, ular: "Tan oldik",- deb javob berdilar. Alloh dedi: "Guvoh bo'lingiz! Men ham sizlar bilan birga guvohlardandirman". 3.82 . Bas, kim shundan (ahdidan) keyin yuz o'girsa, ana o'shalar fosiqdirlar. 3.83 . Allohning (haq) dinidan o'zga dinni istaydilarmi?! Vaholanki, osmonlaru Yerdagi barcha zotlar (farishtalar, insu jinlar) xoh ixtiyoriy, xoh majburiy Unga bo'yin sungandir va Uning huzuriga qaytarilurlar. 3.84 .Ayting (ey, Muhammad): "Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Qur'on)ga va Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va (uning) avlodlariga nozil qilingan narsalarga, Muso va Iso hamda barcha payg'ambarlarga Parvardigorlari tomonidan berilgan narsa (vahiy)ga imon keltirdik. Ularning orasida birortasini (tasdiqlashda) farq qilmaymiz va Uning o'zigagina bo'yin sunuvchilarmiz". 3.85 .Kimki Islomdan o'zga dinni istasa (ixtiyor etsa), undan (u) sira qabul qilinmagay va u oxiratda ziyon ko'ruvchilardandir. 3.86 .Imon keltirib, Payg'ambarning barhaqligiga guvohlik berganlaridan va ularga hujjatlar kelganidan keyin kofir bo'lganlarni Alloh qanday (qilib) hidoyatga yo'llasin?! Alloh zolimlar qavmini hidoyatga yo'llamaydi. 3.87 .Ana o'shalarning jazosi - Alloh, farishtalar va barcha odamlarning ularga la'nat aytishidir. 3.88 . Ular unda (la'nat yoki do'zaxda) abadiy qoluvchilardir, ularning azoblari yengillashtirilmas va kechga ham surilmas. 3.89 .Illo, shundan (kufrdan) keyin tavba qilib, (xatolarini) tuzatsalar, albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.
|