OLI IMRON surasi



3.90 .Albatta, imon keltirganlaridan keyin (yana) kufrga ketgan, so'ngra kufrda mustahkamlangan kimsalarning tavbalari sira qabul qilinmas. Ana o'shalar adashgan (gumroh)lardir.

3.91 .Albatta, kofir bo'lgan va kofirliklaricha o'lganlarning birortasi agar yer yuzi to'la oltinni badal sifatida bersa ham, aslo qabul qilinmas. Ana o'shalarga alamli azob boru, yordamchilar yo'qdir.

3.92 . Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilik (jannat)ga yeta olmaysizlar. Nimaiki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir.

3.93 . Tavrot nozil bo'lmay turib, Isroil (Ya'qub) o'ziga harom qilgan narsa (tuya go'shti bilan suti)dan boshqa barcha taomlar Isroil avlodiga halol edi. "Agar o'zlaringizni (buni inkor etishda) rostgo'y deb bilsangiz, Tavrotni keltirib, o'qib ko'ringiz", - deb ayting.

3.94 .Shundan keyin ham kimki Allohga yolg'on to'qisa, ana o'shalar zolimlardir.

3.95 . "Alloh rost so'zlar. Bas, haq yo'lda sobit bo'lmish Ibrohimning diniga ergashinglar! U mushriklardan bo'lmagan", - deb ayting.

3.96 .Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy - Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo'lmish (Ka'ba)dir.

3.97 . Unda aniq alomatlar - "Maqomi Ibrohim" bordir*. Unga (Ka'baga) kirgan kishi omonda bo'lur. Yo'lga qodir bo'lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir*. Kimda-kim (buni) inkor etsa, bas, albatta, Alloh olamlardan behojatdir.

3.98 . Ayting: "Ey, ahli kitoblar! Alloh qilayotgan kirdikorlaringizga guvoh bo'laturib, nega Allohning oyatlarini inkor etasiz?"

3.99 . Ayting: "Ey, ahli kitoblar! Nega imon keltirganlarni Alloh yo'lidan to'sasiz va o'zingiz guvoh bo'la turib, uni (yo'lni) qing'irlashtirishga intilasiz? Qilayotgan ishlaringizdan Alloh g'ofil emas-ku!"



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 next