OLI IMRON surasi3.100 . Ey, imon keltirganlar! Agar Kitob berilganlarning biror guruhiga bo'yin sunsangiz, imon keltirganingizdan keyin sizlarni (yana) kofirlikka qaytaradilar. 3.101 . Allohning oyatlari sizlarga o'qib turilgan, oralaringizda Uning payg'ambari turgan bir paytda qanday qilib (dinni) inkor etasiz?! Kim Alloh (dini)ni mahkam tutsa, demak, u to'g'ri yo'lga yo'llanibdi. 3.102 . Ey, imon keltirganlar! Allohdan chinakam qo'rquv bilan qo'rqingiz va musulmon bo'lmay dunyodan o'tmangiz! 3.103 . Hammangiz Allohning "arqoni" (Qur'on)ni mahkam tuting va firqalarga bo'linmang va o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do'zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo'lni topgaysizlar, deb, Alloh O'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi. 3.104 . Sizlardan yaxshilikka da'vat etadigan, amri ma'ruf va nahiy munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat bo'lsin! Aynan ular, tole topuvchilardir. 3.105 . Hujjatlar kelgandan keyin ham bo'linib, o'zaro ixtilofga berilgan kimsalarga o'xshamangiz! Ana o'shalarga ulkan azob bordir. 3.106 . Ba'zi yuzlar oqaradigan va ba'zi yuzlar qorayadigan Kun (qiyomat)ni eslang: yuzi qorayganlarga: "Imon keltirgandan keyin yana kufrga qaytgan edingizlarmi? Kufringiz tufayli mana shu azoblarni totib ko'ring, endi", - deyilur. 3.107 . Yuzlari oqargan zotlar esa Allohning rahmati (jannati)dadirlar. Ular u yerda abadiy qoluvchilardir. 3.108 . Bu Allohning oyatlaridir. Ularni Sizga haqqoniy ravishda o'qib bermoqdamiz. Alloh olamlarga zulmni ravo ko'rmas. 3.109 . Osmonlar va Yerdagi narsalar Allohnikidir va (barcha) ishlar Allohga qaytarilur (Alloh hukmiga oshirilur).
|