OLI IMRON surasi3.120 .Sizlarga yetgan yaxshilik ularni xafa qiladi. Sizlarga yetgan yomonlikdan esa xursand bo'ladilar. Agar sabr bilan taqvoda bo'lsangiz, ularning makrlari sizlarga hech qanday zarar yetkazmaydi. Albatta, Alloh ularning qilmishlarini ihota qiluvchidir. 3.121 . Oila ahlingizni saharlab tark etib, mo'minlarni jang jabhalariga joylab yurgan (kezlar)ingizni eslang! Alloh eshituvchi va biluvchidir. 3.122 .Sizlardan ikki toifa (musulmonlar) umidsizlikka tusha boshladi, vaholanki, Alloh ularga homiy edi. Mo'minlar (har doim) Allohga tavakkul qilsinlar! 3.123 . (Mana), Badrda (harbiy) kuchingiz oz bo'lsa-da, Alloh sizlarni g'olib qildi-ku! Bas, Allohdan qo'rqingiz, zora shukr qilsangiz. 3.124 . Mo'minlarga "Rabbingiz (osmondan) nozil etilgan uch mingta farishta bilan sizlarga madad bergani kifoya emasmi?!" - degan paytingizni eslang! 3.125 . Darhaqiqat, (kifoya qilur)! Agar sabrli bo'lib, Allohdan qo'rqsangiz va ular (dushmanlar) bexos hujum qilib qolsalar - Rabbingiz sizlarga besh mingta belgili farishta bilan madad berur. 3.126 . Bu (madad)ni Alloh sizlarga xushxabar bo'lishi va dillaringiz taskin topishi uchun berdi. Ñžalaba esa faqat qudratli va hikmatli Alloh huzuridangina (kelur). 3.127 . Kofirlarning bir qismini halok qilish yoki zarba berib, noumid holda qaytishlariga majbur qilish uchun (madad berildi). 3.128 . Siz uchun (ey, Muhammad,) bu ishda biror ixtiyor yo'qdir. Allohning O'zi ularning tavbalarini (balkim) qabul qilar yoxud jazolar. Zero, ular zolimlardir. 3.129 . Osmonlaru Yerdagi borliq Allohnikidir. O'zi xohlagan kishini mag'firat qiladi, xohlagan kishini jazolaydi. Alloh mag'firatli va rahmli zotdir.
|