OLI IMRON surasi



3.140 . Agar sizlarga (Uhud jangida) jarohat (mag'lubiyat) yetgan bo'lsa, u qavmga ham (Badr jangida) xuddi shunday jarohat (mag'lubiyat) yetgan. Imonli kishilarni bilish va sizlardan shahidlarni saralab olish uchun (Biz) shu (g'alaba) kunlarni (ketma-ket) almashtirib turamiz. Alloh zolimlarni sevmagay.

3.141 . Alloh mo'minlarni (gunohlaridan) poklash va kofirlarni halok qilish uchun (mazkur ishlarni qildi).

3.142 . Yoki Alloh sizlarning ichingizdan kim (chindan) jihod qiluvchi va kim sabrli ekanini imtihon qilib ko'rmasdan jannatga kiraveramiz, deb o'yladingizmi?

3.143 . Ajalingiz yetmay, o'limni (shahidlikni) orzu qilar edingiz. Mana, endi (Uhudda) uni ko'z o'ngizda ko'rib turibsiz.

3.144 . Muhammad payg'ambardir, xolos. Undan oldin ham payg'ambarlar o'tgan. Mabodo, u o'lsa yoki o'ldirilsa, ortlaringiz (kufr)ga qaytib ketasizmi?! Kimki ortiga qaytsa, Allohga sira zarar yetkaza olmaydi. Alloh shukr qiluvchilarni mukofotlar.

3.145 . Har bir jon (egasi) Allohning izni bilangina muhlati belgilab qo'yilgan bitik (ajal) yetganda o'ladi. Kim dunyo savobi (o'lja)ni iroda qilsa, unga o'shandan berurmiz. Kim oxirat savobini iroda qilsa, unga (ham) o'shandan berurmiz. Shukr qiluvchilarni, albatta, mukofotlaymiz.

3.146 . Qaysi bir payg'ambar (o'tgan bo'lsa), u bilan birga ko'p jamoalar jang qilganlar. (Lekin) Alloh yo'lida ularga yetgan narsalar sababli sustlik, zaiflik qilmaganlar, (yovga) taslim ham bo'lmaganlar. Alloh (esa) sabrlilarni sevgay.

3.147 .Ularning gaplari faqat quyidagi bo'ldi: "Ey, Rabbimiz! Bizlarning gunohlarimizni va ishimizdagi isrofgarchiligimizni kechir, (jang asnosida) qadamlarimizni mustahkam qil va bizga kofirlar qavmi ustidan g'alaba nasib et!"

3.148 . Bas, Alloh ularga ham bu dunyoning savobi (g'alaba va o'lja)ni, ham oxiratning chiroyli savobi (mag'firat va jannat)ni berdi. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar.

3.149 . Ey, mo'minlar! Agar kofirlarga bo'yin sunsangiz, sizlarni ortingizga (kufrga) qaytarurlar. (Natijada) ziyon ko'ruvchilarga aylanib qolursizlar.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 next