OLI IMRON surasi3.130 . Ey, imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko'paytirib, ustama ila yeb yubormangiz! Allohdan qo'rqingiz! Zora (shunda) tole topsangizlar. 3.131 . Kofirlar uchun tayyorlab qo'yilgan do'zaxdan saqlaningizlar! 3.132 . Allohga va Payg'ambarga itoat qiling, shoyad, shunda rahm qilinsangizlar. 3.133 .Rabbingizdan (keluvchi) mag'firat va kengligi osmonlaru Yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo'yilgan jannat sari shoshilingiz! 3.134 . (U taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham ehson qiladigan, g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar. 3.135 .Ular biror fahsh ish qilib qo'ysalar yoki o'zlariga zulm qilib qo'ysalar, (darhol) Allohni eslab, istig'for aytadilar. Vaholanki, gunohlarni faqat Allohgina mag'firat etar. Yana, bila turib, qilmishlarida davom etmaydigan kishilardir. 3.136 . Aynan ularning mukofotlari - Parvardigorlaridan mag'firat va ostidan anhorlar oqib turuvchi jannat bog'lari bo'lib, o'sha joyda abadiy bo'lurlar. (Yaxshi) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshi! 3.137 . Sizlardan ilgari ko'p (ibratli) voqealar bo'lib o'tgan. Yer yuzi bo'ylab sayr qilinglar va (haqni) yolg'onga chiqarganlarning oqibati qanday bo'lganini ko'ringlar! 3.138 . Bu (Qur'on yoki mazkur gaplar) odamlar uchun bayonot hamda taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat (manbai)dir. 3.139 . Agar (chin) mo'min bo'lsangiz, o'zingiz a'lo (darajada) bo'la turib, (ba'zi mag'lubiyatlaringiz uchun) sustlashmangiz ham, g'amgin ham bo'lmangizlar.
|