OLI IMRON surasi3.110 . Odamlarga chiqarilgan (ma'lum bo'lgan) ummatning eng yaxshisi bo'ldingiz (ey, musulmonlar! Zero, siz) amri ma'ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz. Agar ahli kitoblar (ham) imon keltirganlarida edi, o'zlari uchun yaxshi bo'lur edi. Ular orasida mo'minlari ham bor, ko'pchiligi esa fosiqlardir. 3.111 . Ular sizlarga (biroz) ozor berishdan boshqa zarar yetkaza olmaydilar. Agar sizlar bilan urushsalar, chekinib qochurlar. So'ng, ularga yordam berilmas. 3.112 . Alloh va (musulmon) odamlar himoyasiga olinmagan taqdirda, (ular) qayerda bo'lishlaridan qat'iy nazar, xorlikka mahkumdirlar. Ular Allohning g'azabiga uchradilar va miskinlikka mahkum bo'ldilar. Bunga sabab - Alloh oyatlarini inkor etishlari, payg'ambarlarni nohaq o'ldirishlari, itoatsizliklari va tajovuzkorliklaridir. 3.113 . Ularning hammasi barobar emas. Ahli kitoblar orasida tuni bilan sajda qilgan holda Allohning oyatlarini tilovat qilib chiqadigan to'g'ri jamoa ham bor. 3.114 . (Ular) Allohga va oxirat kuniga imon keltiradilar, yaxshi ishlarga buyurib, yomon ishlardan qaytaradilar va xayrli ishlar sari shoshiladilar. Aynan ular solih kishilardandir. 3.115 . Nimaiki yaxshilik qilgan bo'lsalar, (uning savobidan) mahrum bo'lmaydilar. Alloh taqvodorlarni (yaxshi) biluvchidir. 3.116 .Kofir bo'lganlarni (hech qachon) moldunyolari va farzandlari Alloh (azobi)dan qutqara olmaydi. Ana o'shalar do'zax ahlidir va ular u yerda abadiy qoluvchilardir. 3.117 . Ularning bu dunyoda (riyokorlik bilan) qilgan ehsonlari izg'iringa o'xshaydi: o'zlariga zulm qilgan qavmning ekiniga tegib, uni halok qilur. Ularga Alloh zulm qilmadi, balki (ular) o'zlariga zulm qilmoqdalar. 3.118 . Ey, imon keltirganlar! O'zlaringizdan o'zgalar (munofiqlar)ni yaqin do'st (sirdosh) tutmangiz! Ular sizlarga nisbatan buzg'unchilik qilishda kuchlarini ayamaydilar va hollaringiz zabun bo'lishini istaydilar. Sizlarni yomon ko'rishlari og'izlari (so'zlari)dan ayon bo'ldi, dillarida yashirgan (adovat)lari esa yanada kattaroqdir. Agar aqlingizni ishlatsangizlar, sizlarga oyatlarni bayon qilib berdik. 3.119 . Ey, sizlar! Ularni yaxshi ko'rasiz, lekin ular sizlarni yaxshi ko'rmaydilar. Sizlar hamma (ilohiy) kitoblarga imon keltirasiz va (ular) sizlarga yo'liqqanlarida: "Imon keltirdik", - deyishadi. O'zlari xoli qolishganda esa, achchiqlaridan barmoqlarini tishlaydilar. "Shu achchiqlaringiz bilan o'lib keting!" - deb ayting. Albatta, Alloh dillardagi gaplarni (ham) biluvchidir.
|