OLI IMRON surasi



3.50 . (Men) o'zimdan oldingi (nozil etilgan) Tavrotni tasdiqlash va sizlar uchun harom qilingan ayrim narsalarni halol qilib berish uchun keldim. Yana, sizlarga Rabbingizdan hujjat keltirdim. Shunday ekan, Allohdan qo'rqingiz va menga itoat qilingiz!

3.51 .Darhaqiqat, Alloh mening Rabbim va sizning ham Rabbingizdir. Unga ibodat qilingiz! To'g'ri yo'l shudir."

3.52 . Iso ulardan kufrni sezgach, aytdi: "Alloh sari (borishimda) menga yordamchilar kim?" Havoriylar aytdilar: "Biz Alloh (dinining) yordamchilarimiz. Allohga imon keltirdik va Allohga (bo'yin sunuvchi) musulmon ekanimizga guvoh bo'lgin (ey, Iso!)

3.53 . Ey, Rabbimiz, nozil qilgan narsangga imon keltirdik va Payg'ambarga ergashdik. Shunday ekan, bizni shahodat keltiruvchilar bilan birga (qo'shib) yozgin!"

3.54 . Ular (yahudiy kofirlari Isoning qatli borasida) makr qildilar. Alloh ham "makr" qildi. Alloh makkorlarning yaxshisidir.

3.55 . Alloh aytdi: "Ey, Iso! Men seni vafot ettiruvchi*, huzurimga ko'taruvchi, inkor etganlardan seni poklovchi (xalos etuvchi) hamda senga ergashganlarni qiyomat kunigacha kofirlardan yuqori qo'yuvchidirman.* So'ngra, Menga qaytursizlar. O'shanda sizlar ixtilof qilgan (kelisha olmagan) narsalar borasida o'rtangizda hakamlik qilurman.

3.56 . Bas, kofir bo'lganlarni dunyo va oxiratda shiddatli azob bilan azoblayman. Ular uchun yordamchilar bo'lmas.

3.57 . Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga esa (Alloh) mukofotni mukammal berur. Alloh zolimlarni yoqtirmas".

3.58 . Bu Sizga tilovat qilayotganimiz oyatlar va hikmatli zikrlardandir.

3.59 . Albatta, Isoning (otasiz tug'ilish) misoli, Alloh nazdida bamisoli Odam (Ato) kabidirki, uni tuproqdan yaratib, so'ngra unga "Bo'l!" dedi, bas, (u) bo'ldi.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 next