OLI IMRON surasi



3.40 . (U dedi): "Rabbim, o'zim keksaygan, xotinim esa tug'mas bo'lsa, menga o'g'il qayoqdan bo'lsin?" (Alloh) dedi: "Shunday, (lekin) Alloh xohlagan ishini qilur".

3.41 .(U) dedi: "Rabbim, menga (homiladan darak beruvchi) biror belgi bergin". (Alloh) aytdi: "Senga belgi shuki, uch kun imo-ishoradan tashqari odamlarga gapira olmaysan. Rabbing zikrini ko'p qil va ertayu kech tasbeh ayt!"

3.42 . Farishtalar: "Ey, Maryam, Alloh seni (fazli uchun) tanlab oldi va (yomon ishlardan) pokladi hamda seni butun olam ayollaridan mumtoz etdi.

3.43 . Ey, Maryam, Rabbingga itoat et, sajda qil va ruku' qiluvchilar bilan birga ruku' qil!" - deganlarini eslang!

3.44 . (Ey, Muhammad,) g'ayb xabarlaridan bo'lmish bu (qissa)ni Sizga vahiy qilmoqdamiz. Zero, Maryamga qaysilari kafil bo'lsin (aniqlash) uchun qalamlarini (qur'a niyatida) tashlaganlarida ular huzurida bo'lmagansiz, (shu xususda) nizolashganda ham ular huzurida bo'lmagansiz.

3.45 . Eslang, farishtalar: "Ey, Maryam, Alloh senga O'zining "kalimasi" xushxabarini beradikim, uning ismi Iso Masih ibn Maryam bo'lib, dunyoyu oxiratda obro'li va (Allohga) yaqinlardandir.

3.46 . Odamlarga go'daklik chog'ida ham, voyaga yetganda ham gapiradigan, solih bandalardan bo'lur", - dedilar.

3.47 . (Maryam) dedi: "Rabbim, menga inson (qo'li) tegmagan bo'lsa, qayoqdan menga farzand bo'lsin?" Alloh aytdi: "Shunday, (lekin) Alloh O'zi xohlagan narsasini (xohlagan tarzda) yarataveradi. Qachon biror ishni iroda qilsa, faqatgina unga "Bo'l!" desa, bas, u bo'laveradi".

3.48 . Unga (Isoga Alloh) yozishni, (ilmu) hikmatni, Tavrot va Injilni ta'lim beradi.

3.49 . Shuningdek, uni Isroil avlodiga payg'ambar (qilib yuboradi va u aytadi): "Men sizlarga Rabbingiz huzuridan (payg'ambarligimga dalolat qiluvchi) mo''jiza bilan keldim; men sizlarga loydan qush shaklini yasab, unga dam ursam, u Allohning izni bilan (rostakam) qush bo'ladi. Ko'r va pesni tuzataman. Allohning izni bilan o'liklarni tiriltiraman hamda sizlarning yeyayotgan va zaxirada saqlayotgan narsalaringizni aytib beraman. Agar mo'min bo'lsangizlar, albatta, bu ishlarda sizlar uchun alomat bordir.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 next