OLI IMRON surasi



3.150 . Aslida Alloh himoyachingizdir va U yordam beruvchilarning afzalidir.

3.151 .Alloh hujjat nozil qilmagan (but, sanam kabi) narsalarni Unga sherik qilganlari uchun kofirlarning dillariga vahima solurmiz. Ularning borar joylari do'zaxdir. Zolimlarning joyi naqadar noxush!

3.152 . Sizlar Uning izni bilan ular (kofirlar)ni tor-mor qila boshlaganingizda, Alloh o'z va'dasiga sodiq chiqdi*. Loqaydlik qilib, (Payg'ambar) buyrug'idan chiqib, tortisha boshlamaguningizcha va yoqtirgan narsangiz (g'alaba)ni sizlarga ko'rsatgunga qadar (yutuq sizlar tomonda bo'ldi). Oralaringizda dunyoni yoqtiradiganlar ham, oxiratni yoqtiradiganlar ham bor edi. So'ngra sizlarni sinovdan o'tkazish uchun (g'alabangizni mag'lubiyat sari) burib yubordi va gunohlaringizdan o'tdi. Alloh mo'minlarga nisbatan fazl sohibidir.

3.153 . O'shanda hech kimga qayrilib boqmay, (joyingizdan) tez jilib ketdingiz. Payg'ambar esa ortingizdagi (harbiy) bo'linmadan (turib) sizlarni chaqirganicha qoldi. Qo'lingizdan ketgan narsalar (g'alaba, o'ljalar) hamda sizlarga yetgan musibatlar uchun tashvish tortmang, deb, (Alloh) sizlarga g'am ustiga yana g'am berib jazoladi. Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.

3.154 . So'ngra bu g'amning ketidan sizlarga bir tinch uyqu nozil etdiki, u sizlarning bir qismingizni mudratib qo'ydi. Boshqa bir qism (munofiqlar) esa jon talvasasiga tushib, Allohning sha'niga nohaq johilona badgumonlik qildilar va aytdilarki: "Endi bizga bu ishdan biror narsa (g'alaba) bo'larmidi?!" Ayting: "Barcha ish Allohga (oid)dir". Ular ichidagi sirlarini Sizdan yashiradilar. Aytadilarki: "Agar bizda bu ish yuzasidan ixtiyor bo'lganda edi, bu yerda qatl qilinmagan bo'lur edik". Ayting: "Agar uylaringizda bo'lganingizda ham (taqdirda) qatl qilinishlik yozilgan kimsalar o'zlarining (o'ladigan) joylariga borib qolgan bo'lar edilar". Ko'ksingizdagi (imon)ni sinash va dillaringizni (shayton vasvasasidan) poklash uchun (Alloh shu mag'lubiyatni ravo ko'rdi). Alloh ko'ngillardagi kechinmalarni (ham) yaxshi biluvchidir.

3.155 . Ikki (harbiy) bo'linma to'qnashgan kunda orangizdan yuz o'girib ketganlarni shayton ba'zi qilmishlari tufayli yanglishtirgan edi. Alloh ularni afv etdi ham. Zero, Alloh kechiruvchan va halim zotdir.

3.156 . Ey, imon keltirganlar! O'zlari kofir bo'lib, Yer (yuzi) bo'ylab safarga yoki g'azot (jang)ga ketgan birodarlari haqida: "Agar biz bilan qolganlarida o'lmagan va qatl qilinmagan bo'lur edilar", - deb, ularning dillariga Alloh hasrat (nadomat) solishini xohlovchi kishilar kabi bo'lmangiz! Alloh tiriltiradi ham, o'ldiradi ham. Alloh qilayotgan ishlaringizni ko'rib turuvchidir.

3.157 . Albatta, Alloh yo'lida qatl qilinsangiz yoxud o'lsangiz, Allohning mag'firati va rahmati (ularning) to'plagan (boyliklari)dan afzalroqdir.

3.158 . Qasamki, xoh o'ling, xoh qatl etiling, albatta, Alloh huzuriga jam etilursizlar.

3.159 . Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyim bo'ldingiz. Agar dag'al, toshbag'ir bo'lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so'rang va ular bilan kengashib ish qiling! (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling! Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 next