OLI IMRON surasi



3.180 . Allohning fazli bilan bergan narsasi ustida baxillik qiluvchilar buni o'zlariga yaxshi deb hisoblamasinlar! Aslo! Bu ular uchun yomondir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari (o'z bo'yinlariga) bo'yinturuq qilib ilib qo'yiladi. Osmonlar va Yerning merosi Allohga (qolur). Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.

3.181 ."Alloh faqir, biz boymiz" degan odamlarning gapini Alloh eshitdi. Ularning (bu) gaplarini hamda payg'ambarlarni nohaq qatl etganlarini yozib qo'yamiz va (qiyomatda): "Yong'in azobini totib ko'ring!" - deymiz.

3.182 . Bu - o'z qilmishlaring mahsuli va Allohning bandalarga zulm qilmasligidandir.

3.183 . "Biror payg'ambar kelsa, (uni sinab ko'rish uchun) qilgan qurbonligini (osmondan tushgan) o't yeb bitirmaguncha unga ishonmasligimiz uchun Alloh biz bilan ahdlashgan", - degan kimsalarga ayting: "Mendan oldin ham sizlarga (ajdodlaringizga) payg'ambarlar hujjatlar va sizlar aytgan (qurbonlik kabi mo''jizalar) bilan kelgan edilar. Gaplaringiz rost bo'lsa, nima uchun ularni qatl etgansizlar?"

3.184 . Agar Sizni yolg'onchiga chiqarayotgan bo'lsalar, (xafa bo'lmang, zero,) Sizdan ilgari hujjatlar, ilohiy bitiklar va nur taratuvchi kitoblarni keltirgan (qator) payg'ambarlar ham yolg'onchiga chiqarilganlar.

3.185 . Har bir jon o'lim (achchig'i)ni totuvchidir. Qiyomat kunida, albatta, mukofotlaringiz sizlarga to'la-to'kis berilur. Bas, (o'sha kuni) kim do'zaxdan uzoqlashtirilib, jannatga kiritilsa, demak, u (katta) yutuqqa ega bo'libdi. Bu dunyo hayoti esa, faqat g'urur (aldov) matohidir.

3.186 . Mol-mulklaringiz va jonlaringiz (ofati va musibati) ila sinalursizlar. Shuningdek, sizlardan oldin Kitob berilganlar va mushriklardan ko'p aziyatli (achchiq) gaplarni eshitasizlar. Agar sabr qilsalaringiz va taqvoli bo'lsalaringiz, albatta, bu ishlarning puxtaligidandir.

3.187 . Eslang (ey, Muhammad,) Alloh ahli kitoblardan, uni (Kitobni) odamlarga, albatta, aniq bayon qilasizlar, uni (hech kimdan) sir tutmaysizlar, deb ahd olgan edi. Lekin, ular uni ortlariga uloqtirib, uni ozgina bahoga sotib yubordilar. Bu savdolari naqadar noxush!

3.188 . O'z qilmishlariga suyunadigan, qilmagan (yaxshi) ishlari uchun maqtalishni sevadiganlar azobdan xalos bo'ladilar deb, aslo hisoblamang! Ularga alamli azob (bordir).

3.189 . Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga tegishlidir. Alloh har narsaga qodirdir.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 next