OLI IMRON surasi3.170 . (Mazkur shahidlar) Alloh o'z fazli bilan ato etgan (ne'matlardan) xushnud, ortlarida (tirik) g'olib, hali ularga qo'shilmagan (g'oziylar)ga (qiyomatda) xavf va tashvish bo'lmasligi haqida bashorat bergan hollarida (yashaydilar). 3.171 . (Yana bir) bashoratlari Alloh beradigan ne'mat, fazl va mo'minlarning mukofotini Alloh zoye qilmasligi haqidadir. 3.172 . Ularga jarohat yetgandan keyin ham Alloh va Payg'ambar (buyruqlariga) itoat qilgan edilar. Ularning chiroyli ish qilib, taqvoli bo'lganlariga ulkan mukofotlar bordir. 3.173 . Ularga odamlar: "Sizlarga qarshi (hujum uchun makkalik) odamlar (lashkar) to'pladilar. Ulardan qo'rqingiz!" - deganlarida, (bu gap) ularning imonlarini yanada ziyoda qildi va aytdilarki: "Bizga Allohning o'zi kifoya. U vakillikka o'ta loyiqdir!" 3.174 . Ular (Badr jangidan) Allohning ne'mati va fazli ila biror yomonlikka uchramay qaytdilar va Allohning rizosini izladilar. Alloh, albatta, buyuk fazl egasidir. 3.175 . Albatta, o'sha shayton o'z do'stlari (munofiqlar)ni qo'rqitadi. Agar (chinakam) mo'min bo'lsangizlar ulardan qo'rqmangiz, (balki) Mendan qo'rqingiz! 3.176 . Kufrda tez harakat qilayotganlar Sizni g'amgin etmasin! Ular Allohga hech qanday zarar yetkaza olmaydilar. Alloh ularga oxiratda biror nasiba (savob) bermaslikni xohlaydi. Ularga ulkan azob (muhayyodir). 3.177 . Albatta, imonni kufrga almashtirganlar Allohga zinhor zarar yetkaza olmaydilar. Ularga alamli azob (bordir). 3.178 . Kofir bo'lganlar, ularga muhlat berib turganimizni yaxshilik deb o'ylamasinlar! Muhlatni ularga gunohlari yanada ko'payishi uchun beramiz. Ularga xor qiluvchi azob (bordir). 3.179 . Alloh mo'minlarni sizlardagi hozirgi holatdek o'z hollariga tashlab qo'yuvchi emas. U hali pok kimu nopok kim ajrim etadi. Alloh sizlarni ilmi g'aybdan xabardor qilmadi, lekin Alloh O'z payg'ambarlari ichidan xohlaganlarini (ilmi g'aybdan qisman bildirish uchun) tanlab oladi. Bas, Allohga va Uning payg'ambarlariga imon keltiringiz! Imon keltirib, taqvoli bo'lsangiz, sizlarga buyuk mukofot (bordir).
|