Niso surasi4.81 . "Itoat (etamiz)" deydilar, lekin huzuringizdan chiqqanlarida, ularning bir toifasi Siz aytgan gapning teskarisiga til biriktiradilar. Alloh (ularning) til biriktirishlarini yozib qo'ygan. Siz esa, ulardan yuz o'girib, Allohga tavakkul qiling. Alloh vakillikka kifoyadir. 4.82 . Qur'on (oyatlarining ma'nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o'zganing huzuridan (kelgan) bo'lsa edi, unda ko'p ixtiloflarni topgan bo'lur edilar. 4.83 . Ularga (jang maydonidan) omonlik yoki xavfli ish (xabari) kelsa, uni yoyib yuboradilar. Agar uni Payg'ambarga yoki o'zlaridan bo'lgan amirlarga yetkazsalar, uni bilib olishni istovchilar o'shalardan (so'rab) bilaverar edilar. Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati bo'lmasa edi, ozchilikdan tashqari, (ko'plaringiz) shaytonga ergashib ketgan bo'lar edingiz. 4.84 . Bas, Alloh yo'lida jang qiling! (Siz) O'zingizdan boshqalar uchun javobgar emassiz. Mo'minlarni (jangga) undang, shoyad (shunda) Alloh kofirlarning shiddatini so'ndirsa. Allohning shiddati eng keskin va jazosi ashaddiydir. 4.85 . Kimda-kim yaxshi shafoat ila (birovni) himoya qilsa, unga ham o'sha (himoyasi)dan nasiba (savob) bo'lur. Kimda-kim yomon shafoat ila (birovni) himoya qilsa, unga ham o'sha (himoyasi)dan nasiba (gunoh) bo'lur. Alloh har narsaga qodirdir. 4.86 . Qachon sizlarga biror salomlashish bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olinglar yoki o'sha (ibora)ni qaytaringlar. Albatta, Alloh har bir narsani hisobga oluvchidir. 4.87 .Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) sizlarni, albatta, qiyomat kuniga yig'ajakkim, unda shubha yo'qdir. Kim ham Allohdan to'g'riso'zroq ekan?! 4.88 . Sizlarga ne bo'ldikim, munofiqlarga nisbatan ikki guruh (bo'lib oldingizlar)?! Holbuki, Alloh ularni qilmishlari tufayli (oldingi hollariga) qaytardi. Alloh adashtirgan kimsalarni hidoyatga solmoqchimisizlar? Kimni Alloh adashtirgan bo'lsa, unga sira yo'l topa olmaysiz. 4.89 . Ular o'zlari kofir bo'lganlaridek, sizlar ham kofir bo'lib, (ular bilan) barobar bo'lishlaringni istaydilar. To Alloh yo'lida hijrat qilmagunlaricha, ulardan (hech kimni) do'st tutmangizlar! Agar bosh tortsalar, ularni qayerda topsangiz, tutib o'ldiringizlar! Ulardan hech bir do'st va yordamchi tutmangiz! 4.90 .Faqat oralaringizda ahdlashuv bo'lgan qavmga kelib qo'shilgan yoki sizlar bilan yoxud o'z qavmi bilan urushaverib, dillari tang bo'lgach, huzurlaringizga (qaytib) kelganlar (bundan mustasnodir). Agar Alloh xohlasa, ularni ustilaringga hukmron qilib qo'ygan va ular, albatta, sizlarga qarshi jang qilgan bo'lur edilar. Agar sizlardan chetlanib, sizlarga qarshi jang qilmay, sulhni taklif qilsalar, Alloh ularga qarshi sizlar uchun yo'l bermaydi.
|