Niso surasi



4.31 .Agar sizlar man etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangizlar, kichik gunohlaringizni sizlardan o'chirurmiz va sizlarni shinam manzil (jannat)ga kiriturmiz.

4.32 . Alloh biringizni biringizdan biror ne'mat bilan ortiq qilib qo'ygan bo'lsa, sizlar uni (hasadgo'ylik bilan) orzu qilmang! Erkaklar ham o'z kasblaridan ulush olurlar, ayollar ham o'z kasblaridan ulush olurlar. (Hasad qilish o'rniga) Allohning fazlidan so'rangizlar. Albatta, Alloh hamma narsani biluvchidir.

4.33 . Har bir kishi uchun ota-ona va qarindoshlar qoldirib ketgan (meros)dan (oluvchi) merosxo'rlar qilib qo'ydik. Kimlar bilan qasamyod (ahdu paymon) qilgan bo'lsangiz, ulushlarini beringiz*. Albatta, Alloh hamma narsaga guvohdir.

4.34 .Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig'i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab - Alloh ularning birlari (erkaklar)ni birlari (ayollar)dan (ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o'z oilasiga) o'z molmulklaridan sarf qilib turishlaridir. (Ayollar ichida) solihalari - bu (Allohga) itoatli, g'oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya'ni, erlarining sirlari, mulklari va obro'larini saqlovchi)lardir. Xotinlarning itoatsizligidan qo'rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so'ng (bu ta'sir qilmasa,) ularni yotoqlarda tark etingiz, so'ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo'lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo'l axtarmangizlar. Albatta, Alloh juda oliy va ulug' zotdir.

4.35 . Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo'rqsangizlar, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o'rtalarini muvofiqlashtirgay. Albatta, Alloh bilimdon va xabardor zotdir.

4.36 . Allohga ibodat qilingizlar va Unga hech narsani sherik qilmangizlar! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingizlar! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo'shniyu begona qo'shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo'lovchi (musofir)ga va qo'l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi.

4.37 .(Ular) o'zlari baxillik qilish bilan birga (boshqa) odamlarni (ham) baxillikka buyuradigan va Allohning O'z fazli bilan bergan (ne'mat)larini yashiradigan (kimsa)lardir. Kofirlarga (esa) xor qiluvchi azobni tayyorlab qo'yganmiz.

4.38 . Mol-mulklarini odamlar ko'rsinga (riyokorlik bilan) ehson qiladigan, (aslida esa) Allohga ham, oxirat kuniga ham imon keltirmaydiganlarni (Alloh sevmaydi). Kimgaki shayton do'st bo'lsa, naqadar yomon do'st u!

4.39 .Bordiyu (ular) Allohga, oxirat kuniga imon keltirsalar va Alloh rizq qilib bergan narsalardan ehson qilsalar, ular (zarari)ga nima ham bo'lar edi?! Alloh ularni yaxshi biluvchidir.

4.40 .Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham) zulm qilmaydi. Agar (o'sha miqdorda) yaxshilik bo'lsa, uni (bir necha barobar) ko'paytirur va O'z huzuridan ulug' mukofot (jannat) ato etur.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 next