Niso surasi4.51 .Kitob (Tavrot)dan nasibador bo'lganlarning "Jibt" va "Tog'ut"ga* sig'inishlarini va kofirlarga "Shular mo'minlardan ko'ra to'g'riroq yo'ldadir" deyishlarini ko'rmadingizmi?! 4.52 . Ana o'shalar Alloh la'natlagan kimsalardir. Kimni Alloh la'natlagan bo'lsa, unga (hech qanday) yordamchi topa olmaysiz. 4.53 .Yoki ularda (biror) hukmronlikdan ulush bormi?! Mabodo, bo'lganda ham odamlarga zarracha bermagan bo'lar edilar. 4.54 .Yoki Alloh O'z fazlidan bergan ne'matlari uchun odamlarga hasad qiladilarmi? Axir, Biz (ilgari ham) Ibrohim nasliga (Yusuf, Dovud, Sulaymon kabi zotlarga) Kitob, Hikmat berib, yana ularga buyuk mulk (hukmronlik) ham ato etgan edik-ku! 4.55 . Bas, ular ichida unga (Muhammadga) imon keltirganlari ham, undan yuz o'girganlari ham bo'ldi. Jahannam yetarli olovdir. 4.56 . Albatta, oyatlarimizni inkor etuvchilarni do'zaxda toblagaymiz. Azobni totsinlar deb, terilari kuyib bitishi bilan o'rniga boshqa (yangi) terilarni almashtirib turamiz. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir. 4.57 . Imon keltirgan va solih amallarni qilganlarni esa abadiy yashaladigan, ostidan anhorlar oqib turadigan bog'lar (jannat)ga kiriturmiz. Ular uchun u yerda pokiza juftlar bor va ularni qalin soyalarga kiriturmiz. 4.58 . Darhaqiqat, Alloh omonatni o'z egalariga topshirishingiz va odamlar o'rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyuradi. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir. 4.59 . Ey, mo'minlar! Allohga itoat etingiz, Payg'ambarga va o'zlaringizdan (bo'lmish) ish egalari (rahbarlar)ga itoat etingiz! Bordiyu, biror narsada kelisha olmay qolsangiz, Allohga va oxirat kuniga ishonadigan bo'lsangiz, uni Allohga va Payg'ambariga havola qilingiz. Mana shu yaxshiroq va yechimi chiroyliroq (ish)dir. 4.60 . O'zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur'on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga imon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so'rab, Tog'ut (shayton) huzuriga borishni xohlayotganlarini ko'rmadingizmi? Vaholanki, uni inkor etishlikka buyurilgan edilar. Shayton esa, ularni (to'g'ri yo'ldan) uzoq (muddat) adashtirishni xohlaydi.
|