Niso surasi



4.111 . Har kim gunoh (ish) qilsa, faqat o'zining zarariga qilgan bo'lur. Alloh bilim va hikmat egasidir.

4.112 . Har kim biror xatolik yoki gunoh ishga qo'l ursa-yu, so'ngra unda begunoh odamni ayblasa, albatta, bo'hton va aniq gunohni (bo'ynida) ko'targan bo'lur.

4.113 . Agar Sizga Allohning fazli va rahmati bo'lmaganida edi, ularning bir toifasi Sizni adashtirishga azmu qaror qilgan edilar. Ular o'zlarinigina adashtiradilar. Sizga esa biror zarar yetkazmaydilar. Alloh Sizga Kitob va Hikmatni nozil qildi va bilmaganingizni bildirdi. Allohning Sizga (nisbatan) fazli buyukdir.

4.114 . Ularning ko'pgina shivir-shivirlarida - agar sadaqa berishga yoki ezgulikka buyurishga yoxud odamlar o'rtasini isloh qilishga buyurmagan bo'lsa - yaxshilik yo'qdir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shuni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz.

4.115 . Kimda-kim hidoyat unga aniq bo'lgandan keyin Payg'ambarga muxoliflik qilsa, mo'minlar yo'lidan o'zgasiga ergashsa, Biz uni o'zi ketayotgan yo'liga qo'yib beramiz va (oxiratda) uni jahannamda toblaymiz. Naqadar noxush joy u!

4.116 . Albatta, Alloh Unga (biror narsa) sherik qilinishini kechirmaydi. Bundan o'zga (gunohlar)ni (O'zi) xohlagan kishilar uchun kechirgay. Kimda-kim Allohga shirk keltirsa, demak, u (yo'ldan) juda uzoqqa adashibdi.

4.117 . Ular (mushriklar) Allohni qo'yib, faqat ayollar (Lot, Uzzo va Manot otli but-sanamlar)ga sig'inadilar yoki isyonkor shaytonga sig'inadilar.

4.118 . Alloh uni (shaytonni) la'natladi. (U) dedi: "Albatta, bandalaringdan belgilangan ulushimni olurman,

4.119 . ularni adashtiraman, ularni hoyu havasga cho'ktiraman. Buyursam ular hayvonlar qulog'ini kesadilar, buyursam Alloh yaratgan narsalarni o'zgartiradilar". Kimki Allohni qo'yib shaytonni do'st tutsa, demak, u aniq ziyon qilibdi.

4.120 . Ularga (shayton) va'da beradi, ularni hoyu havasga soladi. Shayton ularga g'urur (vasvasasi)dan o'zga narsani va'da qilmaydi.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 next