Niso surasi



4.101 . Yer (yuzi) bo'ylab safar qilganingizda, agar kofirlarning sizlarga fitna (hujum) qilishidan qo'rqsangiz, namozni qasr (qisqa) qilishingizda sizlar uchun gunoh yo'qdir. Kofirlar sizlarga aniq dushmandir.

4.102 . Har qachon Siz (ey, Muhammad), ular (sahobalaringiz) orasida bo'lib, namozlariga imomlik qilsangiz, (ularni ikki qismga bo'ling!) ulardan bir qismi Siz bilan birga (namozga) tursin! (Ikkinchi qism) qurollarini olsin (va yovdan mudofaa qilib tursin). Sajda qilishgach (ya'ni, bir rak'at o'qishgach), ortingizga (qo'riqlash uchun) borib tursinlar. O'qimagan qism kelib, Siz bilan (namozni) o'qisin! Yana, ehtiyot choralarini ko'rib, qurollarini (qo'lga) olsinlar. Kofirlar sizlar qurol va anjomlaringizdan g'aflatda bo'lgan paytingizda birdaniga hamla qilishni xohlaydilar. Agar yomg'irdan aziyat cheksangiz yoki bemor bo'lsangizlar, qurollaringizni (yechib) qo'ysangiz, sizlarga gunoh bo'lmas. (Ammo) ehtiyot choralaringizni ko'rib qo'ying! Albatta, Alloh kofirlar uchun xorlovchi azobni tayyorlab qo'ygandir.

4.103 . Namozni ado etib bo'lganingizdan so'ng, turgan, o'tirgan va yonboshlagan hollaringizda (ham doimo) Allohni yod eting! (Yov xavfidan) xotirjam bo'lsangiz, namozni (mukammal) ado etingiz. Zero, namoz mo'minlarga vaqti tayin etilgan va (farz etib) bitilgandir..

4.104 .Qavm (yov)ning iziga tushishda sustlik qilmangiz! Agar (urushdan) azob chekayotgan bo'lsangiz, ular ham xuddi sizlardek azob chekmoqdalar. Sizlar Allohdan ular umid qilmagan narsani umid qilasizlar*. Alloh bilim va hikmat egasidir.

4.105 . Albatta, Biz Sizga ushbu Kitob (Qur'on)ni odamlar orasida Alloh ko'rsatgan yo'l bilan hukm etishingiz uchun barhaq nozil etdik. Xoinlarga esa homiy bo'lmang!

4.106 . Yana, Allohdan kechirim so'rang. Albatta, Alloh kechiruvchi va rahmlidir.

4.107 . O'zlariga xiyonat qiluvchilar haqida tortishib o'tirmang. Albatta, Alloh xiyonatchi va jinoyatchi bo'lgan kimsani sevmaydi.

4.108 . (Jinoyatlarini) odamlardan yashiradilar, (lekin) Allohdan yashira olmaydilar. (Alloh) rozi bo'lmaydigan gaplar rejasini xufyona tuzayotganlarida (ham) U ular bilan birga edi. Alloh ularning qilmishlarini qamrab oluvchidir.

4.109 . Ey, sizlar! (Bu) dunyo hayotida-ku ularning yonini oldingiz. Qiyomat kunida ularni kim himoya qilib, yonlarini olur yoki ularga kim vakil bo'lur?!

4.110 . Kimda-kim biror yomon ish qilsa yoki o'z joniga jabr qilsa, so'ngra Allohdan kechirim so'rasa, Allohning (qanchalik) kechiruvchan va rahmli ekanini idrok etadi.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 next