Niso surasi4.91 . Yana (ulardan) boshqa (munofiq)larni ham uchratasizlarki, ular sizlardan ham xotirjam, o'z qavmlaridan ham xotirjam bo'lishni xohlaydilar. Qachon bir fitna (kufr)ga burib qo'yilsalar (chaqirilsalar), o'zlarini unga oturlar. Agar ular sizlardan chetlanmasalar, sulhni (ham) taklif qilmasalar va qo'llarini ham (sizlarga qarshi urushishdan) tiymasalar, ularni tutib, qayerda topsangiz o'ldiraveringiz! Ana o'shalar ustidan sizlarga aniq hukmronlik berib qo'ydik. 4.92 . Mo'min (ikkinchi bir) mo'minni faqat yanglishibgina o'ldirib qo'yishi mumkin. Kimda-kim mo'minni yanglishib o'ldirgan bo'lsa, (uning zimmasiga) bir mo'min qulni ozod qilish va u (marhum)ning oilasiga - agar kechib yubormasalar - xun to'lash (farzdir). Agar (marhum) sizga dushman qavmdan bo'lib, o'zi mo'min bo'lsa, bir mo'min qulni ozod qilish (buyuriladi). Agar u sizlar bilan ular o'rtasida sulh (tuzilgan) qavmdan bo'lsa, uning oilasiga xun to'lash va bir mo'min qulni ozod qilish (buyuriladi). Kimda-kim (qul) topmasa, Allohdan kechirim so'rab, ikki oy muttasil ro'za tutish (bilan kifoyalanadi). Alloh bilimli va hikmatlidir. 4.93 . Kimda-kim qasddan bir mo'minni o'ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g'azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo'ygay. 4.94 . Ey, imon keltirganlar! Alloh yo'lida (jang uchun) safarga chiqsangiz, aniq ish tuting! Sizlarga salom bergan kishiga bu dunyo foydasini ko'zlab: "Mo'min emassan", - demangiz! Allohning huzurida ko'p o'ljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (mo'minligingizni sir tutadigan) edingiz, (so'ngra) sizlarga Alloh ne'mat ato etdi. Bas, aniqlab ish tutingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir. 4.95 . Beuzr bo'la turib (uyida) o'tiruvchi mo'minlar bilan Alloh yo'lida mollari va jonlari bilan jihod qiluvchilar teng bo'lmaydilar. Alloh mollari va jonlari bilan jihod qiluvchilarni (uyida) o'tiruvchilardan (ko'ra) ortiq darajali qildi. Hammasiga ham Alloh chiroyli (savob) va'da qildi. Alloh ulkan mukofot (taqsimi)da o'tiruvchilardan ko'ra mujohidlarni buyuk ajr bilan afzal etdi. 4.96 . Undan (berilmish) darajalar, mag'firat va rahmat (ham shular jumlasidandir). Alloh kechiruvchi va rahmlidir. 4.97 . Albatta, o'zlariga (hijratdan bosh tortib) zulm qiluvchilarning jonini olgan farishtalar (ularga): "Qaysi holda bo'ldingizlar?" - desalar, ular: "Yer yuzida bechorahol edik", - deb aytadilar. (Farishtalar): "Allohning yeri unda hijrat qilishlaring uchun (yetarlicha) keng emasmidi?" - deydilar. Ana o'shalarning joyi jahannamdir. Naqadar noxush joy u! 4.98 . Faqat biror chora-tadbirga qodir bo'lmagan va (hijratga) yo'l topa olmaydigan nochor erkak, ayol va bolalar borki, 4.99 . aynan o'shalarni, shoyad Alloh afv etsa. Alloh afv etuvchi, kechiruvchi zotdi 4.100 . Kimda-kim Alloh yo'lida hijrat qilsa, yer (yuzi)da ko'p boshpana va kenglik topadi. Har kim Alloh va Uning payg'ambari sari hijrat qilib, (o'z) uyidan chiqsayu, so'ngra (yo'lda) unga o'lim yetsa, albatta, uning mukofoti Alloh zimmasidadir. Alloh kechiruvchi va rahmlidir.
|