Niso surasi



4.41 . Har bir ummatdan (o'z payg'ambarini) guvoh sifatida keltirganimizda va Sizni (ey, Muhammad,) ularga guvoh qilib keltirganimizda, (ularning holi) ne kechur?!

4.42 . Kofir bo'lganlar va payg'ambarga itoatsizlik qilganlar o'sha kuni yer bilan yakson bo'lishni orzu qiladilar. (U yerda ular) Allohdan biror gapni yashira olmaydilar.

4.43 . Ey, mo'minlar! Toki gapirayotgan gaplaringizni (o'zlaringiz) biladigan bo'lgunlaringacha, mast hollaringda namozga yaqinlashmangizlar!* Yana junub (nopok) hollaringizda ham, to poklanmaguncha (namozga yaqinlashmangiz). Magar safarda bo'lsangizlar (bu mustasnodir). Bordiyu betob yo safarda bo'lsangiz, yoki sizlardan birortangiz hojatxonadan chiqqan bo'lsa, yoxud xotinlaringiz bilan yaqinlik qilgan bo'lsangizu suv topa olmasangiz, pokiza yer (tuproq, tosh, qum, chang kabilar) bilan tayammum qilib, yuzlaringiz va qo'llaringizga surting. Albatta, Alloh afv etuvchi va kechiruvchidir.

4.44 . Kitob (Tavrot)dan nasibador bo'lgan kishilar gumrohlikni sotib olayotganlari va (to'g'ri) yo'ldan adashishlaringizni xohlayotganlarini ko'rmadingizmi (ey, Muhammad)?!

4.45 . Alloh dushmanlaringiz (kim ekani)ni yaxshiroq biluvchidir. Allohning O'zi yetarli do'st, Allohning O'zi yetarli yordamchidir.

4.46 . Yahudiy bo'lganlar orasida shundaylari (ham) borki, Allohning so'zini o'z o'rnidan o'zgartiradilar va tillarini burib, dinga ta'na yetkazish g'arazida: "Eshitdik va bo'yin sunmadik. Eshitilmas (so'zlar)ni eshit va bizni asra", - deydilar*. Agar ular: "Tingladik va bo'yin sundik, eshit va bizga ham nazar qil", - deganlarida, o'zlari uchun yaxshiroq va to'g'riroq bo'lar edi. Lekin, ularni Alloh kufrlari sababli la'natladi. Endi, (ularning) ozgina (qismi)dan boshqalari imon keltirmaydilar.

4.47 .Ey, Kitob berilgan kimsalar! Yuzlarni sidirib, teskari qilib yuborishimizdan yoki ularni xuddi "Shanba egalari"ni la'natlaganimizdek la'natlashimizdan oldin sizlardagi narsa (Tavrot)ni tasdiqlovchi holida nozil qilgan Kitobimiz (Qur'on)ga imon keltiringiz. Allohning amri, albatta, ado etiluvchidir.

4.48 . Albatta, Alloh O'ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni O'zi xohlagan (banda)laridan kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, demak, u ulkan gunohni to'qib chiqaribdi.

4.49 . O'zlarini "poklayotgan" kimsalarni ko'rmadingizmi? Yo'q! Alloh kimni xohlasa (o'shani) poklaydi, (ularga) xurmoning dumicha ham zulm qilinmaydi.

4.50 . Alloh (sha'ni)ga qanday yolg'on to'qishlarini ko'ring. Shu (tuhmatning o'zi) yetarli aniq gunohdir.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 next