Niso surasi4.152 .Allohga va payg'ambarlariga imon keltirgan, ulardan birortasini ajratib qo'ymaganlar esa, aynan ularga mukofotlarini, albatta, berur. Alloh kechirimli va rahmlidir. 4.153 . Ahli kitoblar Sizdan osmondan kitob tushirishingizni so'raydilar. Musodan ham bundan kattaroq narsani so'rab: "Bizga Allohni ochiq ko'rsat!" - deyishgan edi. Shunda (bu) zulmlari sababli ularni chaqmoq urgan edi. So'ngra (aniq) hujjatlar kelgandan keyin buzoqni (ma'bud qilib) olishdi. Shuni ham kechirdik va Musoga aniq saltanat (hujjat) berdik. 4.154 . Ahdlari (olinishi) uchun tepalariga Tur (tog'i)ni ko'tarib turdik va ularga: "Darvozadan sajda qilgan holingizda kiring", - dedik. Yana ularga: "Shanba kuni (sinovi)da haddan oshmang", - dedik va ulardan qattiq ahd oldik. 4.155 . Ahdni buzganlari, Allohning oyatlarini inkor etganlari, payg'ambarlarni nohaq o'ldirganlari va "Dillarimiz berk" deganlari sababli (ularni jazoladik). Yo'q! Balki, kufrlari tufayli Alloh ularning dillarini muhrlab qo'ygandir. Shuning uchun ozchilikdan tashqarilari imon keltirmaydilar. 4.156 . Yana kufrlari va Maryam (sha'ni)ga aytgan ulkan bo'htonni gapirganlari sababli, 4.157 . shuningdek, Allohning payg'ambari Iso Masih ibn Maryamni biz o'ldirdik, degan gaplari tufayli (jazoladik). Holbuki, uni o'ldirganlari ham, osganlari ham yo'q. Faqat (boshqa bir kishi Isoga) o'xshatib qo'yildi, xolos. Albatta, uning to'g'risida bahslashganlar u haqda shubhadadirlar. Ularda gumonga ergashishdan boshqa biror (to'g'ri) ma'lumot yo'q. Aniqki, uni o'ldirmaganlar. 4.158 . Balki, uni Alloh O'z huzuriga ko'tardi. Alloh qudrat va hikmat egasidir. 4.159 . Hech bir ahli kitob yo'qki, o'limidan oldin unga imon keltirmasa. Qiyomat kuni esa u (Iso) ularga qarshi guvoh bo'ladi. 4.160 . Yahudiy bo'lganlarning zolimliklari va ko'p (kishilar)ni Alloh yo'lidan to'sganlari sababidan ularga (oldin) halol qilingan narsalarni* harom qilib qo'ydik. 4.161 . (Yana boshqa) sabablari - ularning ustama (foiz) olishlari va odamlarning mol-mulklarini nohaq yeganlaridir. Ulardan kofirlariga alamli azobni tayyorlab qo'yganmiz.
|