Niso surasi



4.132 . Osmonlar va Yerdagi narsalar Allohnikidir. Alloh yetarli vakildir.

4.133 . Agar (U) xohlasa, ey, insonlar, sizlarni ketkazib (yo'q qilib), boshqalarni keltiradi. Alloh bunga qodirdir.

4.134 . Kimki bu dunyo savobini istasa, (bilib qo'ysinki,) Alloh huzurida ham bu dunyoning, ham oxiratning savobi bordir. Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir.

4.135 .Ey, imon keltirganlar! Adolatda barqaror turib, o'zlaring yoki ota-onalaring va qarindoshlaring zarariga bo'lsa-da, Alloh uchun (to'g'ri) guvohlik beringizlar! U (guvohlik beriluvchi) boy bo'ladimi, kambag'al bo'ladimi, Alloh u ikkisiga yaqinroqdir. Bas, adolatli bo'lishlaringiz uchun havoyi nafsga berilib ketmangizlar! Agar (tillaringizni) bursangizlar yoki (guvohlikdan) bosh tortsangizlar, albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.

4.136 . Ey, imon keltirganlar! Allohga, Payg'ambariga, (shu) Payg'ambariga nozil qilgan Kitob (Qur'on)ga hamda ilgari nozil qilgan Kitobga imon keltiringizlar! Kimki Allohni, farishtalarini, kitoblarini, payg'ambarlarini va oxirgi Kunni inkor etsa, demak, u juda uzoq (qattiq) adashibdi.

4.137 .Darhaqiqat, imon keltirib, so'ngra kufrga ketgan, keyin yana imon keltirib, so'ngra yana kofir bo'lgan, so'ngra kufrlari ortib borganlarga (nisbatan) Alloh sira mag'firat etadigan va to'g'ri yo'lga soladigan emasdir.

4.138 . Munofiqlar uchun alamli azob borligi haqida ularga "bashorat" berib qo'ying!

4.139 . (Ular) mo'minlarni qo'yib, kofirlar bilan do'st tutinadilar. O'sha (kofir)lardan kuch-quvvat izlaydilarmi?! Bor kuch-qudrat Allohniki-ku!

4.140 . Alloh sizlarga Kitobda: "Allohning oyatlari inkor etilayotgani va mazax qilinayotganini eshitsangiz, to boshqa gapga o'tmagunlaricha, ular bilan birga o'tirmangiz!"- deb, (oyat) nozil qilgan edi. Albatta, sizlar unda (birga o'tirganda), ular bilan (gunohda) tengsiz. Albatta, Alloh barcha kofirlar va munofiqlarni jahannamga jam qiluvchidir.

4.141 . Ular sizlarni kuzatib turadilar: agar sizlarga Allohdan fathu zafar (g'alaba) bo'lsa, "sizlar bilan birga emasmidik? (O'ljadan bizga ham beringlar)", - deyishadi. Bordiyu (g'alabadan) kofirlar nasibador bo'lishsa: "Sizlardan ustun turgan va sizlarni mo'minlardan himoya qilgan biz emasmi?" - deyishadi. Ular haqida Allohning (O'zi) qiyomat kuni hukm chiqaradi. Alloh kofirlar uchun mo'minlarga qarshi sira yo'l bermaydi.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 next