Niso surasi



4.11 . Alloh farzandlaringizga (meros yuzasidan) bir o'g'il uchun ikki qiz ulushi barobarida (meros berishni) vasiyat qiladi. Agar (merosxo'rlar) ikkidan ortiq ayol bo'lsa, ularga (marhum) qoldirgan narsaning uchdan ikkisi, agar yakka qiz bo'lsa, unga (merosning) yarmi (tegur). Agar (marhumning) farzandi bo'lsa, ota-onasining har biriga qoldirgan (meros)ning oltidan biri (tegur). Agar farzandi bo'lmay, faqat ota-onasi merosxo'r bo'lsa, u holda onasiga uchdan bir (haq) tegur. Agar (marhumning) aka-ukalari bo'lsa, onasiga oltidan bir (haq) tegur. (Bu taqsimotlar marhumning) qilgan vasiyati yoki qarzi (ado etilgan)dan so'ng (ijro etilur)*. Ota-onalaringiz va farzandlaringizning qaysi birlari sizlar uchun foydaliroq ekanini bilmaysizlar. (Shuning uchun meros taqsimi) Allohning (o'zi) tomonidan (belgilandi va) farz qilib qo'yildi. Albatta, Alloh bilimdon va hakimdir.

4.12 . Sizlarga xotinlaringiz qoldirgan (meros)dan - agar ularning farzandi bo'lmasa - yarmi (tegur). Agar ularning farzandlari bo'lsa, sizlarga ular qoldirgan (meroslari)dan to'rtdan bir (hissa) tegur. (Bu taqsimot) u (marhumalar) vasiyati yoki qarzi (adosi)dan keyin (ijro etilur). U (xotin)larga sizlar qoldirgan (meros)ning - agar farzandlaringiz bo'lmasa - to'rtdan bir (hissa) tegur. Agar farzandingiz bo'lsa, ularga siz qoldirgan (meros)ning sakkizdan biri tegur. (Bu taqsimot) sizlar qilgan vasiyat yoki qarz (adosi)dan keyin (ijro etilur). Agar (vafot etgan) erkak yoki ayolning ota-onasi ham, farzandlari ham bo'lmay, (balki ona tomonidan) bitta aka yoki ukasi yoxud opa yoki singlisi qolgan bo'lsa, ularning ikkovidan har biriga oltidan bir (hissa tegur). Agar (ular) bu (adad, ya'ni, bitta)dan ortiq bo'lsalar, ular (merosning) uchdan bir (hissasi)da teng sherik bo'lurlar. (Bu taqsimot merosxo'rlarga) zarar yetkazilmasdan qilingan vasiyat yoki qarz (adosi)dan keyin Allohning buyrug'iga binoan (ijro qilinur). Alloh bilimdon va halimdir.

4.13 . Ana shular Allohning hudud (chegara)laridir. Kim Alloh va (Uning) payg'ambarlariga itoat etsa, uni ostidan anhorlar oqib turadigan jannat (bog')larga kiritur. (Ular) u yerda abadiy (bo'lurlar). Bu ulkan yutuqdir.

4.14 . Kim Alloh va (Uning) payg'ambariga itoatsizlik qilsa va hududlaridan tajovuz qilsa, uni do'zaxga abadiy (qolishi uchun) kiritur va uning uchun xor qiluvchi azob (bordir).

4.15 . Xotinlaringizdan qaysilari fohishalik qilsa, ularga o'zlaringizdan to'rt (erkak) kishini guvoh qilingiz. Agar guvohlik bersalar, to ularga o'lim kelguncha yoki Alloh biror yo'l qilguncha, ularni (o'z) uylarida saqlangiz.

4.16 . Sizlardan o'sha (zinokorlik)ni qilganlarning ikkisi (erkak va ayol)ga (koyish va ta'zirlarini berish bilan) aziyat (jazo) beringiz. Agar ular tavba qilib, (o'zlarini) tuzatsalar, ularni tinch qo'yinglar. Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi, rahmli zotdir.

4.17 . Albatta, Allohning tavba qabul qilishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo'yib, so'ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o'shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh bilim va hikmat egasidir.

4.18 . Gunoh ishlarni qilib yurib, qachonki, birortalariga o'lim kelganda, "Endi tavba qildim" deydigan, shuningdek, kofirligicha o'lib ketadiganlarning tavbalari esa qabul qilinmagay. Ana o'shalar uchun alamli azob tayyorlab qo'yganmiz.

4.19 . Ey, imon keltirganlar! Sizlarga xotinlarni majburiy ravishda meros qilib olishlik halol emasdir. Yana, ularga bergan mahrlaringizning bir qismini qaytarib olib ketish niyatida xotinlaringizga tazyiq qilmangiz! Agar ular aniq buzuqlik qilsalar (bu mustasnodir). Ular bilan totuv turmush kechiringlar. Agar ularni yomon ko'rsalaringiz, (bilib qo'yinki,) balkim sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko'pgina yaxshilik paydo qilar.

4.20 . Agar bir xotinni (qo'yib), o'rniga boshqa xotinni almashtirmoqchi bo'lsangizlar, avvalgisiga garchi uyum-uyum molni (mahr qilib) bergan bo'lsangiz ham, undan biror narsani qaytarib olmangiz. Uni bo'hton va ochiq gunoh bilan olasizmi?!



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 next