Niso surasi



4.162 . Lekin, ular (yahudiylar) orasida ilmda mustahkam bo'lganlar hamda Sizga nozil qilingan narsaga va Sizdan ilgari nozil qilingan narsaga imon keltiradigan mo'minlar, xususan, namozni barpo qiluvchilar, zakotni ado etuvchilar, Allohga va oxirat kuniga imon keltiruvchilar ham borki, aynan ularga, albatta, ulkan mukofot ato eturmiz.

4.163 . (Ey, Muhammad,) albatta, Biz Nuhga va undan keyingi payg'ambarlarga vahiy yuborganimiz kabi Sizga ham vahiy yubordik. Shuningdek, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va uning avlodi, Iso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymonga ham vahiy yuborganmiz. Dovudga esa Zabur berdik.

4.164 . (Bir qator) payg'ambarlar haqida qissalarni Sizga ilgari aytdik. (Ayrim) payg'ambarlar qissalarini esa aytganimiz yo'q. Alloh Muso bilan (bevosita) gaplashdi.

4.165 . Payg'ambarlar (kelgan)dan keyin odamlar uchun Allohga qarshi hujjat bo'lmasin deb payg'ambarlarni xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib (yubordik). Alloh qudrat va hikmat egasidir.

4.166 . Lekin, Alloh Sizga nozil qilgan narsa (Qur'on)ga O'z ilmi bilan guvohlik beradi. Farishtalar ham guvohlik berurlar. Alloh (O'zi) yetarli guvohdir.

4.167 . Albatta, kofir bo'lgan va Allohning yo'lidan to'sganlar uzoq (qattiq) adashgandirlar.

4.168 . Albatta, kofir bo'lgan va zolimlik qilganlarni Alloh kechirmaydi va (to'g'ri) yo'lga hidoyat qilmaydi.

4.169 . Aksincha, (ularni) jahannam yo'liga (ravona qilur). U yerda esa abadiy qolurlar. Bu (ish) Allohga osondir.

4.170 . Ey, odamlar! Payg'ambar sizlarga Rabbingizdan haq (Islom)ni keltirdi. Bas, imon keltiringiz. (Shunda) o'zingiz uchun yaxshi bo'lur. Bordiyu inkor etsangiz, bas, osmonlaru Yerdagi narsalar Allohnikidir. Alloh bilim va hikmat sohibidir

4.171 . Ey, ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha'ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz! Albatta, Iso Masih ibn Maryam faqat Allohning payg'ambari va Uning Maryamga tashlagan "So'zi" hamda Uning tomonidan (kelmish) ruhdir, xolos. Bas, Allohga va Uning payg'ambarlariga imon keltiringiz! "Uchta" demangiz! Qaytingiz - o'zlaringizga yaxshi bo'lur! Albatta-albatta, Alloh yagona ilohdir! U farzandli bo'lishdan pokdir. Osmonlardagiyu Yerdagi narsalar Unikidir. Alloh (O'zi) yetarli vakildir.

4.172 . Masih Allohga banda (qul) bo'lishdan sira or qilmaydi, muqarrab (Allohga yaqin) farishtalar ham. Kimki Unga banda bo'lishdan or qilsa va kibrlansa, (U) ularning barchasini, albatta, O'z huzuriga jam qilajak.

4.173 . Ana o'shanda imon keltirib, solih amallarni qilganlarga mukofotlarini to'la berish bilan birga, yana O'z fazlidan ularga ziyodalik ato qilur. Ammo, or qilgan va kibrli bo'lganlarni alamli azob bilan jazolagay. O'zlari uchun Allohdan boshqa na do'st topadilar va na yordamchi.

4.174 . Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan hujjat (Payg'ambar va mo''jizalar) keldi. Sizlarga yana ravshan nur (Qur'on ) ham nozil etdik.

4.175 . Allohga imon keltirgan va Unga bog'langanlarni (U) O'zining rahmati va fazliga musharraf etgay va ularni to'g'ri yo'lga yo'llagay.

4.176 . (Ey, Muhammad,) Sizdan fatvo so'raydilar. Ayting: "Alloh sizlarga otasi ham, farzandi ham bo'lmagan odam to'g'risida (shunday) fatvo beradi: agar farzandsiz bo'lgan bir erkak halok bo'lsa (o'lsa), agar singlisi (qolgan) bo'lsa, qoldirgan merosning yarmini olur. Agar singlisining farzandi bo'lmasa, u (akasi) merosxo'r bo'lur. Agar (singillar) ikkita bo'lsa, ularga (aka) qoldirgan narsaning uchdan ikkisi (tegur). Agar (merosxo'rlar) aka-uka va opa-singillar bo'lsa, (har) bir erkakka ikki ayol hissasi (berilur). Yanglishib ketmasliklaring uchun Alloh sizlarga (meros hukmlarini O'zi) bayon etadi. Alloh har bir narsani biluvchidir.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17