Niso surasi4.71 . Ey, imon keltirganlar! (Yovga nisbatan) ehtiyot chorasini ko'rgach, guruh-guruh bo'lib yoki hammangiz jam bo'lib chiqingiz! 4.72 . Darhaqiqat, ichlaringizda (jangga bormay) ortda qoladigan, sizlarga biror musibat yetsa, "Alloh yorlaqab ular bilan birga (jangga) hozir bo'lmadim", - deydiganlar ham bor. 4.73 . Bordiyu sizlarga Allohdan fazl (g'alaba) yetsa, xuddi sizlar bilan uning o'rtasida aloqa bo'lmagandek, "Koshki edi, men ham ular bilan birga bo'lganimda ulkan yutuq (o'lja)ga erishgan bo'lur edim",- deb, aytishi ham aniq. 4.74 . Alloh yo'lida dunyo hayoti evaziga oxiratni sotib oladiganlar jang qilsinlar! Kimdakim Alloh yo'lida jang qilsayu, o'ldirilsa yoki g'alaba qilsa, albatta, unga ulkan mukofot ato etajakmiz. 4.75 . Sizlarga ne bo'ldiki, Alloh yo'lida va "Ey, Rabbimiz, aholisi zolim bo'lgan ushbu shahardan bizni chiqargin, bizga O'z huzuringdan bir do'st bergin va bizga O'z huzuringdan bir yordamchi ato etgin!" - deyayotgan bechora erkak, ayol va bolalar (ozodligi) uchun jang qilmaysizlar?! 4.76 .Imon keltirganlar Alloh yo'lida jang qiladilar. Kofirlar (esa) Tog'ut (shayton) yo'lida jang qiladilar. (Sizlar) shaytonning do'stlariga qarshi jang qilinglar! Albatta, shaytonning makri zaifdir. 4.77 ."Qo'llaringizni (jangdan) tiyib, (hozircha) namoz o'qib, zakot berib turingiz!" deyilgan (kishi)larni ko'rmadingizmi? Ularga jang farz qilingach esa, bir qismi xuddi Allohdan qo'rqqandek yoki undan ham ko'proq odamlardan qo'rqa boshladilar va aytdilarki: "Ey, Rabbimiz! Nega bizga jangni farz qilding? Bizni (ajalimizni) ozgina muddatga kechiktirsang bo'lmasmidi?" Ayting: "Dunyo matosi (lazzati) ozdir. Taqvoli kishiga esa oxirat yaxshidir. Xurmoning dumicha ham (Alloh tarafidan) zulm qilinmaysizlar". 4.78 . Qayerda bo'lsangiz ham o'lim sizlarni topadi, hatto mustahkam qal'alar ichida bo'lsangiz ham. Ularga biror yaxshilik yetsa, "Bu - Allohdan", - deydilar. Agar ularga biror noxushlik yetsa, "Bu - Sizdan", - deb aytadilar. "Hammasi Allohdandir", - deng (ularga). Bu qavm kishilariga nima bo'ldiki, gapni anglay olmaydilar?! 4.79 . Sizga qanday yaxshilik yetsa, u Allohdandir. Sizga qanday noxushlik yetsa, u o'zingizdandir. Sizni odamlarga payg'ambar qilib yuborganmiz. Guvohlikka (esa) Alloh (O'zi) yetarlidir. 4.80 . Kimda-kim Payg'ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi. Kimda-kim bosh tortsa, Sizni ular ustidan qo'riqlovchi qilib yuborganimiz yo'q.
|