Niso surasi



4.1 . Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko'p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo'rqingiz! Shuningdek, o'rtalaringizdagi o'zaro muomalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo'rqingiz! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir.

4.2 . (Voyaga yetgan) yetimlarga mol-mulklarini (qaytarib) beringiz, pok narsani nopok narsaga almashtirmangiz! Ularning mollarini o'z mollaringizga qo'shib ham yemangiz! Zero, bu katta gunohdir.

4.3 . Agar yetimlarga (nisbatan) adolatli bo'la olmaslikdan qo'rqsangiz, sizlar uchun (nikohi) halol bo'lgan ayollarga, ikkita, uchta, to'rttadan uylanaveringizlar. Bordiyu (ular o'rtasida) odil bo'la olmaslikdan qo'rqsangiz, bir ayolga (uylaning) yoki qo'l ostingizdagi cho'rilar (bilan kifoyalaning). Shu (adolatdan) og'ib ketmasligingizga yaqinroqdir.

4.4 .Xotinlarga mahrlarini mamnunlik bilan beringiz! Agar sizlarga o'zlari undan biror narsani ixtiyoriy ravishda kechsa (bersa)lar, sizlar uni bemalol, ishtaha bilan tanovul qilaveringizlar.

4.5 . (Qaramog'ingizdagi) aqli norasolarga Alloh sizlarga (hayot) turumi qilib qo'ygan mollaringiz (yetimlarning omonat mollari)ni berib qo'ymangiz, balki o'sha (mollar)dan yediring, kiydiring hamda ularga yaxshi gapiring!

4.6 . Yetimlarni, to balog'at yoshiga yetgunlaricha, imtihon qilib (jinsiy holatini tekshirib) turinglar: voyaga yetganliklarini sezsangiz, (omonat) mol-mulklarini o'zlariga topshiringlar! Ularni isrof qilib va (ulg'ayib qolmasinlar deb) shoshqaloqlik bilan yeb yubormangiz! Kim boy bo'lsa, (yetim molidan) saqlansin. Agar kambag'al bo'lsa, yaxshilikcha (me'yorida olib) yesin. Mol-mulklarini o'zlariga qaytarganingizda, ularga guvoh chaqiringlar. Alloh hisob-kitobda kifoya qiluvchidir.

4.7 . Erkaklar uchun ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Ayollar uchun (ham) ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Bu ozmi-ko'pmi farz qilingan ulushdir.

4.8 .Meros taqsimiga uzoq qarindoshlar, yetimlar va miskin (bechora hol)lar hozir bo'lsalar, ularni ham u (meros)dan bahramand qilib, ularga yaxshi gapiringlar!

4.9 . (Vasiylar) mabodo zaif (norasida) farzandlarni qoldirib (vafot etsalar, o'zlari ham) ulardan xavotir olganlari kabi, (o'zga yetimlarning haqqini yeyishda) Allohdan qo'rqsinlar va (ularga) to'g'ri gapirsinlar.

4.10 . Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo'li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo'lurlar va albatta, do'zaxda toblanurlar.



1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 next