AN`OM surasi



6.71 . Ayting: "Allohni qo'yib, bizga foyda ham, zarar ham yetkazmaydigan narsaga iltijo qilamizmi va Alloh bizni hidoyat yo'liga solgandan keyin (yana) ortimizga qaytarilamizmi?! (Unda) xuddi jinlar og'dirib ketgach, yerda hayronlikda yurganda o'rtoqlari: "Bizga kel!" - deb chaqirgan kimsaga o'xshab qolamiz-ku! Ayting: "Allohning hidoyatigina (haqiqiy) hidoyatdir. (Biz esa) butun olamlarning Rabbiga bo'yin sunishga buyurilganmiz".

6.72 . (Bizga yana): "Namozni mukammal ado etingiz va Undan qo'rqingiz! U esa, huzuriga sizlar jam bo'ladigan zotdir" (deb buyurilgan).

6.73. U osmonlar va Yerni hikmat bilan yaratgan zotdir. "Bo'l!" - degan kuni (istagani) bo'ladi. Uning so'zi haqdir. Sur chalinadigan kuni (ham) hukmronlik faqat Unikidir. Yashirin va oshkora (narsalarni) biluvchidir. U hakim va xabardor zotdir.

6.74 . Ibrohim otasi Ozarga: "Sanamlarni iloh qilib olasizmi? Men Sizni va qavmingizni zalolatda ko'rayapman", - deganini eslang!

6.75 . Shu tarzda Ibrohimga osmonlar va Yerning mulku saltanati (ajoyibotlari)ni ko'rsaturmiz. Chinakam ishonuvchilardan bo'lishi uchun (shunday qildik).

6.76 . Tun zulmati uni qoplaganda yulduzni ko'rib: "Mana shu - rabbim", - dedi. (U) botib ketganda esa: "Botib ketuvchilarni yoqtirmayman", - dedi.

6.77 . Chiqayotgan oyni ko'rib: "Mana shu - rabbim", - dedi. Botib ketganda esa: "Agarda Rabbim meni hidoyatga solmasa, albatta, adashganlar qavmidan bo'lib qolurman", - dedi.

6.78 .Chiqayotgan quyoshni ko'rib: "Mana shu - rabbim. Shu kattaroq-ku!" - dedi. Botib ketganda esa: "Ey, qavmim, albatta, men sizlar keltirayotgan shirkdan bezordirman.

6.79 . Men to'g'ri yo'lni tanlagan holimda yuzimni osmonlar va Yerni ixtiro etgan Zotga qaratdim. Men mushriklardan emasman", - dedi.

6.80 .Qavmi u bilan bahslashdi. (Shunda) u dedi: "Men bilan Alloh haqida bahslashasizlarmi? Axir, (U) meni hidoyatga yo'llagan bo'lsa?! Men sizlar keltirgan shirkdan qo'rqmayman. Illo, Rabbim biror narsani xohlasa (o'sha bo'lur). Rabbim ilm jihatidan har narsani qamrab olgan. (Buni) eslab ko'rmaysizlarmi?



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 next