AN`OM surasi



6.31 . Daf'atan qiyomat kelib qolganda, gunohlarini orqalariga ortgan hollarida: "YO hasrato, unda (yorug' dunyoda) qosirlik qilgan ekanmiz", - deb aytadigan paytlariga qadar Allohga yo'liqishni yolg'onga chiqarganlar ziyon ko'radilar. Qarang, qanday yomon narsani orqalaydilar!

6.32 . Bu dunyo hayoti faqat behuda o'yin-kulgidir. Taqvolilar uchun esa oxirat diyori yaxshidir. Aql yuritmaysizlarmi?!

6.33 . Aytgan gaplari Sizni ma'yus (xafa) qilayotganini yaxshi bilurmiz. Ular, aslida, Sizni yolg'onchiga chiqarmayaptilar, balki (bu) zolimlar Allohning oyatlarini inkor etayotirlar.

6.34 . Sizdan oldingi payg'ambarlar ham yolg'onchiga chiqarilganlar. To ularga Bizning yordamimiz kelgunga qadar yolg'onchiga chiqarilganlariga va berilgan aziyatlarga sabr qildilar. Allohning so'zlari (va'dalari)ni o'zgartiruvchi (kuch) yo'qdir. Sizga payg'ambarlar xabaridan (qisman) keldi.

6.35 . Agar ularning e'tirozlari Sizga og'ir botayotgan bo'lsa, Yerga teshik yoki osmonga narvon izlab (bo'lsa ham) ularga biror mo''jiza keltira olsangiz (edi). Agar Alloh istaganda edi, ularni hidoyat uzra jam qilgan bo'lur edi. Bas, (buning hikmatini bilmaydigan) johillardan bo'lmang!

6.36 . Albatta, eshitadiganlar (da'vatingizni) qabul qilurlar. O'liklarni esa, Alloh tiriltirur. So'ngra Uning huzuriga qaytarilurlar.

6.37 . Aytdilar: "Unga Rabbidan biror mo''jiza tushirilsa edi". Ayting: "Albatta, Alloh mo''jiza tushirishga qodirdir. Lekin, ularning aksariyati (buning oqibatini) bilmaydilar".

6.38 .Yerdagi biror jonivor va biror ikki qanoti bilan uchadigan parranda yo'qki, (ular ham) sizlar kabi ummatlar bo'lmasalar. Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) biror narsani (yozmasdan) qoldirmaganmiz. So'ngra (hamma ummatlar) Parvardigorlari (huzuri)ga jamlanurlar.

6.39 . Bizning oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar zulmatlar ichidagi kar va soqovdirlar. Alloh xohlagan kishini adashtirur va xohlagan kishini to'g'ri yo'l uzra (sobit) qilur.

6.40 . Ayting: "Agar rostgo'y bo'lsangiz, o'yladingizmi, agar sizlarga Allohning azobi kelsa yoki sizlarga qiyomat kelsa, Allohdan o'zgaga iltijo qilgan bo'larmidingiz?"



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 next