AN`OM surasi6.61 . U bandalari ustidan (barcha ishda) g'olibdir. Ustingizga (savob va gunohlaringizni bitib) saqlovchi (farishtalar)ni yuboradi*. Birortalaringizga o'lim kelgan paytda, uni elchi (farishta)larimiz erinmay (o'z vaqtida) vafot ettirurlar*. 6.62 . So'ngra (ular) haqiqiy egalari - Alloh (huzuri)ga qaytarilurlar. Hukm esa Unikidir. U hisoblovchilarning tezkoridir. 6.63 . Ayting: "Quruqlik va dengiz zulmat (dahshat va falokat)laridan - Unga oshkora yolvorib va xufyona: "Agar bizga shu (xatar)dan najot bersa, qasamki, albatta, shukr qiluvchilardan bo'lar edik", - deb duo qilganlaringda, kim sizlarni qutqaradi?" 6.64 . Ayting: "Sizlarni ulardan Alloh qutqaradi. So'ngra sizlar (esa yana) shirk keltiraverasizlar". 6.65 . Ayting: "U sizlarga tepangizdan yoki oyoqlaringiz ostidan azob yuborishga yoxud sizlarni (turli) firqalarga aylantirib, ba'zingizga ba'zilar zararini totdirishga (ham) qudrati yetadigan zotdir". Ko'ring, anglab yetsinlar deb oyatlarni qanday (atroflicha) bayon qilamiz. 6.66 . Qavmingiz uni (Qur'onni yoki azobni) yolg'onga chiqardi. Holbuki, u haq edi. Ayting: "Men sizlarga muakkal (soqchi) emasman. 6.67 . Har bir xabarning qaror topadigan o'rni (va vaqti) bor. Tez fursatda bilursizlar". 6.68 . Oyatlarimizga (nisbatan mensimaslikka) kirishayotganlarni ko'rsangiz, to boshqa gapga ko'chmagunlarigacha, ulardan yuz o'giring! Agarda shayton yodingizdan chiqarsa, (bu) eslatmadan keyin zolimlar qavmi bilan o'tirmangiz! 6.69 . Taqvo qiluvchilar zimmasida u (zolimlar qavmi nomi)dan hech qanday hisobot (berish) yo'q. Lekin (shu kabilardan) saqlanishlari uchun (bu) eslatmadir. 6.70 . Dinlarini o'yin va behuda narsa qilib olgan va bu dunyo hayoti aldab qo'yganlarni (parvo qilmay) qo'yavering! Har bir jon (o'z) qilmishi sababli halok bo'lishi, Allohdan boshqa hech bir do'st va oqlovchi bo'lmasligi, bor badalni bersa ham undan olinmasligini u (Qur'on) orqali eslating! (O'z) qilmishlari sababli azoblanadiganlar ana o'shalardir. Ular uchun kufrda bo'lganlari tufayli qaynoq suvdan iborat ichimlik va alamli azob (bordir).
|