AN`OM surasi6.11 . Ayting: "Yerni sayr qilib (aylanib) chiqinglar. So'ngra (payg'ambarni) yolg'onchiga chiqarganlarning (oxir-)oqibati ne bo'lganini ko'ringlar!" 6.12 . Ayting: "Osmonlar va Yerdagi bor narsa kimniki?" Ayting: "Allohniki". (U) O'ziga rahmatni (bor mavjudotga rahm-shafqat qilishni) yozdi (va'da qildi). Sizlarni, albatta, Qiyomat kuniga jam qilajak. Bunda shak yo'qdir. O'zlariga (nisbatan) ziyonkor bo'lganlar (bunga) imon keltirmaydilar. 6.13 . Kecha va kunduzda sokin turuvchi narsalar (ham) Unikidir. U eshituvchi va biluvchidir. 6.14 . Ayting: "Osmonlaru Yerni ixtiro etgan, (o'zgalarga) yedirib, O'zi yemaydigan - Allohdan o'zgani do'st tutayinmi?!" Ayting: "Darhaqiqat, men musulmonlarning birinchisi bo'lishga buyurildim. Aslo mushriklardan bo'lmangiz! (deb ham)" 6.15 . Ayting: "Albatta, men agar Rabbimga nofarmonlik qilsam, ulug' Kunning azobidan qo'rqaman". 6.16 . O'sha kuni kimdan u (azob) chetlatilsa, demak, (Alloh) unga rahm qilibdi. Bu aniq yutuqdir. 6.17 . Agar Alloh Sizga biror zarar (musibat) yetkazsa, Undan o'zga uni bartaraf etuvchi yo'qdir. Agar Sizga biror xayrlik yetkazsa, (bilingki,) U hamma narsaga qodirdir. 6.18 . Bandalari ustidan U g'olibdir. U hikmatli va xabardordir. 6.19 . Ayting: "Guvohlik bo'yicha qaysi narsa kattaroq?" (Yana o'zingiz) ayting: "Alloh. (U) men bilan sizlarning o'rtamizda guvohdir. Sizlarni va (da'vatim) yetib borganlarni ogohlantirish uchun menga ushbu Qur'on vahiy qilindi. Sizlar haqiqatan ham, Alloh bilan birga boshqa ilohlar (ham) bor, deb guvohlik berasizmi?" Ayting: "(Men) guvohlik bermayman". Ayting: "Darhaqiqat, U yagona ilohdir. Men esa, sizlar keltirayotgan shirkdan bezorman". 6.20 . Biz Kitob bergan (yahudiy va nasroniy)lar uni (Muhammadni) o'z o'g'illarini tanigandek taniydilar. O'zlariga ziyon qilganlargina (unga) imon keltirmaydilar.
|