AN`OM surasi



6.21 . Alloh (sha'ni)ga yolg'on to'qigan yoki Uning oyatlarini yolg'onga yo'yuvchi kimsadan kim ham zolimroq ekan? Albatta, zolimlar tole topmaslar.

6.22 . Ularning hammasini yig'ib, keyin shirk keltirganlarga Biz: "(Alloh deb) hisoblab yurgan sheriklaring qani?" - deydigan Kunni (eslang!)

6.23 . So'ngra ularning fitnasi ("uzri") faqat: "Rabbimiz - Allohga qasamki, (biz) mushrik bo'lmaganmiz!" - deyishlari bo'lur.

6.24 . O'zlari nomidan yolg'on gapirishlarini va to'qib yurgan (soxta ma'bud)larning ulardan yo'qolib ketganini ko'ring!

6.25 . Ular ichida (Qur'on o'qiganingizda) Sizga quloq soladiganlari ham bor. Uni fahmlamasliklari uchun qalblariga parda, quloqlariga og'irlik (paydo) qildik. Har (turli) mo''jizani ko'rsalar (ham) unga ishonmaydilar. Hattoki, Siz bilan bahslashgani huzuringizga kelganlarida, kufrga ketganlar: "Bu avvalgilardan qolgan afsonalardan boshqa narsa emas", - deydilar.

6.26 .Ular undan (Islomdan) qaytaradilar va undan (o'zlari ham) uzoqlashadilar. Sezmagan hollarida faqat o'zlarinigina halok qiladilar.

6.27 .Do'zax uzra to'xtatib qo'yilganda, "Oh, koshki edi (dunyoga) qaytarilsak, Rabbimiz oyatlarini yolg'onga chiqarmay, mo'minlardan bo'lsak", - deganlarini ko'rganingizda edi!

6.28 . Yo'q! Ularga oldindan yashirib yurgan (sir)lari fosh bo'lib qoldi. Bordiyu (dunyoga) qaytarilsalar ham, (yana o'sha) taqiqlangan narsalarga qaytgan bo'lur edilar. Ular, haqiqatan, yolg'onchilardir!

6.29 . Yana: "Shu dunyo hayotidan boshqa hech narsa yo'q. Biz (qayta) tiriltiriluvchi emasmiz", - degan bo'lur edilar.

6.30 . Parvardigorlari huzuriga turg'izib qo'yilganlarida (Alloh): "Shu (qayta tirilish) haq emas ekanmi?" - deganida, (ular): "Rabbimiz haqqi, yo'q! (haq ekan!)" - deganlarini, (Alloh): "Kufrda bo'lganingiz sababli shu azobni totingizlar!" - deyishini ko'rsangiz edi!



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 next