AN`OM surasi



6.121 . Allohning nomi aytilmagan narsalardan yemangizlar! Zero, u fosiqlikdir. Shaytonlar esa, o'z do'stlari (mushriklar)ni sizlar bilan bahslashish uchun vasvasa qilurlar. Agar ularga itoat qilsangizlar, albatta, sizlar (ham) mushrikdirsizlar.

6.122 .O'lik (kofir) bo'lgan odamni (imon bilan) tiriltirib, unga odamlar ichida u sababli yuradigan nur (imon)ni berganimizdan keyin zulmatlar ichida (qolib,) u (yer)dan chiqmaydigan kimsaga o'xshaydimi?! Shunga o'xshash, kofirlarga o'z ishlari ziynatli (ko'rinadigan) qilib qo'yildi.

6.123 . Shuningdek, har bir qishloqda, uning yirik jinoyatchilarini u yerda makr qiladigan etib qo'ydik. (O'zlari) sezmagan holda (ular) faqat o'zlarigagina makr qiladilar.

6.124 . Ularga biror oyat (yoki mo''jiza) kelsa, aytadilar: "Bizga Allohning (boshqa) payg'ambarlariga berilgani kabi oyat (yoki mo''jiza)lar berilmaguncha, sira imon keltirmaymiz". Alloh payg'ambarlikni qayerga qo'yish (ravo ko'rish)ni yaxshi biluvchidir. Jinoyat qilganlarga makr qilganlari sababli Alloh huzurida xorlik va shiddatli azob muhayyodir.

6.125 . Alloh kimni hidoyatga yo'llashni iroda etsa, uning ko'ksi (qalbi)ni Islom uchun (keng) ochib qo'yadi. Kimni adashtirishni iroda etsa, ko'ksini go'yo osmonga ko'tarilib ketayotgandek, tor va siqiq qilib qo'yadi. Shunday qilib, Alloh imon keltirmaydiganlarga (loyiq) jazoni ravo ko'rar.

6.126 .Rabbingizning to'g'ri yo'li shudir. Eslatma oluvchi qavm uchun oyatlarni batafsil bayon etdik.

6.127 .Ular uchun Parvardigorlari huzurida tinchlik diyori (jannat) bordir. Qilgan (solih) amallari sababli, U ularning do'stidir.

6.128 . Ularning hammasini jam etadigan Kunda (aytamiz): "Ey, jinlar to'dasi! Insonlardan (siz chalg'itganlar sonini) ko'paytirdingiz-ku?" (Shunda) ularning insonlardan bo'lgan do'stlari: "Ey, Rabbimiz! (Biz shunchaki) bir-birimizdan foydalandik va biz uchun O'zing belgilagan ajalimizga yetib keldik", - deganlarida, (Alloh) aytadi: "Joyingiz - do'zax, u yerda mangu qolursizlar, illo Alloh xohlagan (vaqtlar) bundan mustasnodir. Albatta, Rabbingiz hikmat va ilm sohibidir."

6.129 . Shunday qilib, zolimlarning qilmishlari sababli birini biriga yaqin (ro'baro') qilib qo'yamiz.

6.130 . Ey, jinlar va insonlar jamoasi! Sizlarga O'zlaring (o'z jinslaringiz)dan payg'ambarlar kelib, sizlarga oyatlarimni aytib, ushbu Kuningizga yo'liqishingizdan ogohlantirgan emasmidilar? Ular (javob berib): "O'zimizga qarshi guvohlik beramiz", - deydilar. Ularni (shu) dunyo hayoti aldab qo'ygan. (Natijada) o'zlarining zarariga, kofir bo'lganlari bo'yicha guvohlik berdilar.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 next