AN`OM surasi



6.151 . Ayting: "Kelinglar, Rabbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni o'qib beray: - U zotga biror narsani sherik qilmangiz, ota-onaga yaxshilik qilingiz, bolalaringizni qashshoqlikdan (qo'rqib) o'ldirmangiz - Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz - fahsh ishlarning oshkorasiga ham, pinhonasiga ham yaqinlashmangiz, Alloh taqiqlagan (jon)ni nohaq qatl qilmangiz! Aql yurgizishlaringiz uchun (Alloh) hukm qilgani shu(lar)dir.

6.152 . To voyaga yetgunicha yetimning moliga yaqinlashmangiz, magar chiroyli yo'l bilan (bo'lsa durust). O'lchov va tarozini adolat bilan to'la ado etingiz! Hech bir jonni toqatidan tashqarisiga taklif (amr) qilmaymiz. Gapirganingizda (guvoh sifatida) garchi qarindoshingiz bo'lsa ham, adolatli bo'ling! Allohning (olgan) ahdiga esa vafo qiling. Eslatma olishlaringiz uchun (Alloh) qilgan hukm(lar)i mana shu(lar)dir.

6.153 .Albatta, mana shu (Mening) To'g'ri yo'limdir. Unga ergashingizlar! (Boshqa turli) yo'llarga ergashmangiz! Aks holda, ular sizlarni Uning yo'lidan ayirib qo'yadi. Taqvoli bo'lishlaringiz uchun (Alloh) qilgan hukm(lar)i mana shu(lar)dir".

6.154 . So'ngra, chiroyli (savobli) amal qilgan(lar)ga (ne'matlarimizni) mukammal berish va barcha narsa tafsiloti uchun hamda hidoyat va rahmat bo'lishi uchun Musoga Kitob (Tavrot)ni berdik, toki ular (Isroil avlodi) Parvardigorlari bilan muloqotda bo'lishlariga imon keltirsinlar.

6.155 . Mana bu Biz nozil qilgan muborak Kitob (Qur'on)dir, unga ergashingiz va taqvoli bo'lingiz, toki rahm qilingaysizlar.

6.156 . "Bizdan oldingi ikki toifaga kitob nozil qilingan edi. Biz esa ularni o'rganishdan g'ofilmiz", - deyishlaringiz

6.157 . yoki: "Agar bizga (ham) kitob nozil qilinganda edi, biz ulardan ko'ra hidoyatliroq bo'lar edik", - deyishlaringiz (Bizga ma'lum bo'lgani uchun Qur'onni nozil etdik). Albatta, sizlarga Rabbingizdan hujjat, hidoyat va rahmat keldi. Bas, Allohning oyatlarini yolg'onga chiqargan va ulardan yuz o'girgandan ko'ra kim zolimroq ekan?! Oyatlarimizdan yuz o'girganlarni, yuz o'girib yurganlari tufayli yomon azob bilan jazolagaymiz.

6.158 . Ular faqat (jon oluvchi) farishtalar kelishini yo Rabbingiz (azobi) kelishini yoki Rabbingiz belgilari (qiyomat alomatlari)dan ba'zisi kelishinigina kutmoqdalar. Rabbingiz belgilaridan ba'zisi kelgan kuni esa, oldin imon keltirmagan yoki imonida yaxshilik orttirmagan jonga (bu) imoni foyda bermaydi. Ayting: "Kutaveringiz, biz ham kutuvchilarmiz".

6.159 .Dinlarini (firqalarga) bo'lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas'ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So'ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur.

6.160 . Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o'n barobar (ko'paytirib yozilur). Kimki (bir) yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o'sha (gunoh) miqdorida (bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga zulm qilinmagay.

6.161 . Ayting: "Rabbim meni To'g'ri yo'lga, rost dinga, (haq yo'lda) barqaror Ibrohimning diniga yo'lladi. (U) mushriklardan emas edi".

6.162 .Ayting: "Albatta, namozim, ibodatim va hayotu mamotim olamlar Rabbi Alloh uchundir.

6.163 . Uning sherigi yo'qdir. Mana shu(aqida)ga buyurilganman va men (Allohning buyruqlariga) taslim etuvchilarning avvaliman."

6.164 .Ayting: "Allohdan o'zga parvardigor qidirayinmi, vaholanki, U har narsaning Rabbi bo'lsa?!" Har bir jon (egasi) faqat o'zi uchun ish qiladi. (Hech bir) ko'taruvchi (gunohkor) o'zga (jon)ning yuki (gunohi)ni ko'tarmaydi. So'ngra qaytish joyingiz Alloh huzuridir. O'shanda sizlarga kelisha olmay yurgan (ish)laringizdan xabar berur.

6.165 . U sizlarni Yerning xalifalari qilib qo'ygan va ato etgan (ne'mat)larida sizlarni sinash uchun ba'zilaringizni ba'zilaringizdan (yuqori) darajalarga ko'targan zotdir. Albatta, Rabbingiz jazoda tezkor va U kechirimli va rahmlidir.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16