AN`OM surasi6.141 . U (Alloh) shunday zotki, (so'ritoklarga) ko'tarib qo'yiladigan va ko'tarib qo'yilmaydigan (uzumzor) bog'larni, ta'mi turlicha (bo'lgan) xurmo va mevali daraxtlarni, (rang va ta'mda) o'xshash va o'xshamas zaytun va anorlarni paydo qildi. Meva hosil qilganda, mevasidan yengizlar. Hosil yig'ish kunida (muhtojlarga) haqqini (ushri va xirojini) beringlar* va isrof qilmangizlar. Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi. 6.142 .Hayvonlardan esa, yuk ko'taradigan va (so'yish uchun) yotqiziladiganlarini (paydo qildi). Alloh sizlarga rizq qilib berganlaridan yenglar. Shayton izlaridan ergashmangizlar. Albatta, u sizlarga aniq dushmandir. 6.143 .Sakkiz juft (hayvonlar) - qo'ydan ikki (jins) va echkidan (ikki jins)ni (yaratdi). Ayting: "Shu ikki erkagini harom qilganmi yoki ikki urg'ochisinimi yoxud ikkala urg'ochi bachadonlaridagi (homila)nimi? Agar rostgo'y bo'lsangiz, ilm (hujjat) bilan menga xabar beringiz!" 6.144 . Shuningdek, tuyadan ikki (jins), qora moldan ikki (jinsni) yaratdi. Ayting: "Shu ikki erkagini harom qilganmi yoki ikki urg'ochisinimi yoxud ikkala urg'ochi bachadonlaridagi (homila)nimi? Yoki Alloh shu (hukm)ni buyurayotganiga guvohmisizlar? Odamlarni adashtirish uchun ilmsizlik bilan Alloh sha'niga yolg'on to'qigan kimsadan kim ham zolimroqdir?!" Albatta, Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmagay. 6.145 . Ayting: "Menga vahiy qilingan narsa (Qur'on)da yeydigan kishiga o'limtik, to'kilgan qon, cho'chqa go'shti - u, albatta, palid - va (so'yishda) Allohdan o'zganing nomi atalgan "fisq" (hayvon)dan boshqa yeyish harom qilingan narsani topmayapman". Bas, kimki zaruratda qolib, (boshqaga) zulm qilmagan va (zarurat) haddidan oshmagan holda (ularni yesa), albatta, Rabbingiz kechirimli va rahmlidir. 6.146 . Yahudiy bo'lmish kimsalarga barcha tuyoqli (hayvon)larni harom qildik. Sigir va qo'ylardan yog'larini ularga harom qildik. Illo, biqinlaridagi yo ichlaridagi yoki suyakka qotishgan narsa (yog'lar)ni (harom qilmadik). Bu ularning tajovuzkorliklari sababli jazolaganimizdir. Biz, albatta, rostgo'ydirmiz. 6.147 . Agar Sizni yolg'onchiga chiqarsalar, ayting: "Rabbingiz rahmati kengdir. Uning azobi (esa) jinoyatchilar qavmidan qaytarilmaydi". 6.148 . Mushrik bo'lmish kimsalar: "Alloh xohlaganida biz ham, ota-bobolarimiz ham mushrik bo'lmagan va biror (halol) narsani harom qilmagan bo'lur edik", - deyishadi. Ulardan oldingilar ham, to azobimizni totmagunlaricha, (payg'ambarlarni) xuddi shunday yolg'onchiga chiqarganlar. Ayting: "Sizlarda bizga chiqaradigan (ko'rsatadigan) ilm (hujjat) bormi? Sizlar faqat gumonga ergashmoqdasiz va sizlar faqat yolg'on so'zlamoqdasiz". 6.149 . Ayting: "Yetuk hujjat faqat Allohnikidir. Agar xohlaganda edi, hammalaringizni (hidoyatga) yo'llagan bo'lur edi". 6.150 . Ayting: "Mana shu (narsalar)ni Alloh harom qilganligiga guvohlik beruvchi guvohlaringizni keltiringiz!" Agar guvohlik bersalar, (Siz) ular bilan birga guvohlik bermang. Bizning oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlarning havoyi (nafs)lariga ergashmang! Ular Parvardigorlariga (o'zgalarni) tenglashtirayotirlar.
|