AN`OM surasi



6.91 . Allohni qadriga loyiq qadrlamadilar, dedilarki: "Alloh bashar (zoti)ga hech narsa nozil qilgan emas"*. Ayting: "Odamlar uchun nur va hidoyat sifatida Muso keltirgan, sizlar uni sahifa-sahifa qilib olib (bir qismini) oshkora, ko'pini esa maxfiy tutgan va (unda) o'zlaringiz va ota-bobolaringiz bilmagan (ilm)larni bildirilgan Kitob (Tavrot)ni kim nozil qilgan edi?" (Yana o'zingiz:) "Alloh (nozil qilgan edi)", - deb ayting! So'ngra ularni o'z ravishlariga qo'yib bering - o'ynab (adashib) yuraversinlar.

6.92 . Bu (Qur'on) bir muborak, o'zidan oldingi (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi, Ummulquro* (deb atalmish Makka ahli)ni va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun Biz nozil qilgan Kitobdir. Oxiratga imon keltiradiganlar unga (ham) imon keltiradilar va ular namozlarini muhofaza qiladilar (davomatli o'qiydilar).

6.93 . Alloh sha'niga yolg'on to'qigan, hech narsa vahiy qilinmagan bo'lsa-da, "Menga vahiy qilindi", - degan, shuningdek, "Alloh nozil etgan kabi (men ham oyatlarni) nozil qilaman", - degan kimsalardan kim ham zolimroqdir? Bu zolimlarni o'lim iskanjasida (qolganlarida) farishtalar qo'llarini (ularga) cho'zib: "Jonlaringni chiqaringlar! Bugun Alloh sha'niga nohaq (noloyiq sifatlar)ni gapirganingiz va Uning oyatlariga (amal qilishdan) kibrlanganingiz sababli xorlik azobi bilan jazolanasizlar", - deb turgan holatlarini (bir) ko'rsangiz edi!

6.94 . Alloh qiyomat kuni aytur: "Huzurimizga sizlarni birinchi marta qanday yaratgan bo'lsak, shunday yolg'iz-yolg'iz keldingiz. Sizlarga (mulk qilib) bergan (boylik)larni ortingizda qoldirdingiz. Oralaringizda (Allohga) sherik deb gumon qilib yurgan shafoatchi (oqlovchi)laringizni sizlar bilan birga ko'rmayapmiz. Orangiz uzilib qolibdi. (Oqlaydi deb) o'ylab yurgan (but)laringiz (esa) sizlardan g'oyib bo'libdi".

6.95 .Alloh don va urug'larni yoruvchi (va undiruvchi)dir. O'likdan tirikni chiqaradi va (U) tirikdan o'likni chiqaruvchidir. Ana o'sha Allohdir. Bas, qayoqqa og'ib ketayapsizlar?

6.96 . (U) tong ottiruvchidir. Tunni oromgoh, quyosh va oyni esa hisob belgilari qilib qo'ydi. Bu qudratli va dono zotning o'lchovidir.

6.97 . U sizlar uchun quruqlik va dengiz qorong'uliklarida yo'l topishingiz uchun yulduzlarni yaratgan zotdir. Biladigan kishilar uchun oyatlarni keng bayon qildik.

6.98 . U sizlarni bir jon (Odam Ato)dan paydo qilgan zotdir. Demak, (inson uchun ona qorni) qarorgoh va (ota pushti) omonatgoh (ekan). Fahmlaydigan qavm uchun oyatlar tafsilotini berdik.

6.99 . U osmondan suv (yomg'ir) tushirgan zotdir. U bilan har narsani (yerdan) undirib chiqardik. Undan yashil giyoh (poliz ekinlari)ni chiqardik. Undan (boshoq kabi) zich tarkibli donlarni chiqaramiz. Xurmodan esa, uning shoxidagi (meva) boshlari (yerga) yaqini (va yaqin bo'lmaganlari) bor. Shuningdek, uzumzor bog'lar, bir-biriga o'xshagan va o'xshamagan zaytun va anorlarni (chiqardik). Ularning mevalagandagi (g'o'r) mevasiga va pishganiga (ibrat ko'zi bilan) boqing! Shu (bilgan)laringizda, albatta, imonli qavmlar uchun alomatlar bordir.

6.100 . Allohga jinlarni sherik qildilar. Vaholanki, ularni (O'zi) yaratgan. Bilmagan holda Unga o'g'il va qizlarni to'qib chiqardilar. U (Alloh) bular tavsif etayotgan (sifat)lardan pok va a'lodir.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 next