AN`OM surasi6.1 . Hamd osmonlar va Yerni yaratgan, zulmatlar va nurni paydo etgan Allohga (xos)dir. So'ngra kufrga ketganlar Parvardigorlariga (soxta ma'budalarni) tenglashtirmoqdalar. 6.2 . (U) Sizlarni (Odam Atoni) loydan yaratib, so'ngra ajal (muddati)ni hal qilgan zotdir. Belgilangan ajal (qiyomat bo'lish vaqti va boshqa hisoblar) ham Uning huzuridadir. (Shundan) keyin (ham) sizlar shak qilmoqdasizlar. 6.3 . U osmonlarda ham, Yerda ham Allohdir. Sir tutganu oshkor qilgan narsalaringizni bilur. Qilayotgan ishlaringizni (ham) bilur. 6.4 .Ularga (Makka mushriklariga) Parvardigorlarining dalillaridan (qanday bir) dalil kelmasin, (baribir) undan yuz o'giruvchi bo'ldilar. 6.5 . Ularga haqiqat (Qur'on) kelishi bilan uni yolg'onga chiqardilar. Ularga o'zlari mazax qilib yurgan narsa (Qur'on)ning xabarlari tez orada kelib qolur. 6.6 . Ulardan oldin necha avlodni halok etganimizni ko'rmadilarmi?! Ularga Yerda sizlarga bermagan imkoniyatlarni berdik, ustilariga osmon (yomg'ir)ni yog'dirdik va ostilaridan anhorlarni oqizib qo'ydik. So'ngra gunohlari tufayli ularni halok qildik va ulardan keyin boshqa avlodni keltirdik. 6.7 . Bordiyu Sizga (ey, Muhammad,) qog'ozga (yozilgan) bitikni tushirsagu uni qo'llari bilan siypalab ko'rganlarida ham (baribir) kufrga ketganlar: "Bu aniq sehrdan boshqa (narsa) emas", - degan bo'lur edilar. 6.8 . Yana ular: "Unga biror farishta tushsa edi", - dedilar. Agar farishta tushirsak, ish hal bo'lur edi. So'ngra ularga muhlat berib o'tirilmas edi. 6.9 . Bordiyu uni (Payg'ambarni) farishta qilganimizda ham, uni erkak (kishi suratida) qilgan va ularga qorong'u (gumon) bo'lgan narsani (yana) qorong'uligicha qoldirgan bo'lar edik. 6.10 .Sizdan oldingi payg'ambarlar ham istehzo (mazax) qilingan. So'ngra ularni masxara qilganlarni o'sha mazax qilgan narsalari (ya'ni, haqiqat) qamrab oldi (halok etdi).
|