Muminun surasi23.71 . Agar Haq (Alloh) ularning havoyi nafslariga ergashsa edi, albatta, osmonlar, Yer va ulardagi bor jonzot buzilib (halok) bo'lgan bo'lur edi. Yo'q, Biz ular uchun eslatma keltirdik, ular esa, o'zlariga (kelgan) eslatmadan yuz o'giruvchidirlar. 23.72 . (Ey, Muhammad,) yoki Siz ulardan xarj (haq) so'ramoqdamisiz! Rabbingizning xarji (ajri) yaxshiroqdir. U eng yaxshi rizq beruvchidir! 23.73 . Albatta, Siz ularni faqat to'g'ri yo'lga da'vat qilursiz. 23.74 . Oxiratga imon keltirmaydiganlar yo'ldan ozuvchidirlar. 23.75 . Agar Biz ularga rahm qilsak va ulardagi narsani (qahatchilikni) aritsak, shaksiz, ular yana o'z tug'yonlarida gangib yurishgan bo'lur edilar. 23.76 . Mana, Biz ularni azobga tutdik. Ular esa na Parvardigorga bo'yin egdilar va na (tavba) tazarru qildilar. 23.77 . To qachonki, Biz ularga qattiq azob (qahatchilik) eshigini ochib qo'yganimizda esa, bexos ular noumid bo'luvchidirlar. 23.78 . U (Alloh) sizlar uchun quloq(lar)ni, ko'zlarni va dillarni paydo qilgan zotdir. (Sizlar bunga) juda kam shukr qilursizlar. 23.79 . U sizlarni yer yuzida (yaratib, so'ngra) taratgan zotdir. Sizlar (qiyomat kuni) Uning huzuriga to'planursizlar. 23.80 . U tiriltiradigan va o'ldiradigan zotdir. Kecha va kunduzning o'zgarib turishi ham Unga (bog'liq)dir. Axir, aql yurgizmaysizlarmi?!
|